Ikki qizning otasi Jo`rabek Hoshimov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) ichkilikka ruju qo`yib, xotini Nazokat bilan tez-tez janjallasha boshladi, deb yozmoqda uz24.uz nashri "Huquq" gazetasiga tayangan holda.
Kunlarning birida ishdan tushlik qilish maqsadida uyiga kelgan Jo`rabek dasturxon ustida ikki qizi Naima va Nigoraning oldida ayoli bilan gap talashib, tortishib qoldi. Ularning janjaliga aralashgan qizi Naimaga ham do`q-po`pisa qildi. Ovqatlanib bo`lishgach, Jo`rabek biroz mizg`ib olish maqsadida mehmonxonaga kirib ketdi.
Biroq qizi Naima tushlik mahalidagi otasining onasiga qilgan muomalasi-yu o`ziga qilgan po`pisalarini "hazm" qilolmay, onasi uchun otasidan qasos olmoqchi bo`ldi. Shayton vasvasasiga uchgan qiz ayni paytda butunlay aqlu hushidan ayrilgan edi... Qozonda qiziyotgan paxta yog`ini uxlab yotgan otasining ustidan quyib yubordi. Qaynoq yog`dan bosh, yuz va elkalari kuygan ota dodlab uyg`onib qarasa, tepasida qozon ko`targancha qizi Naima turardi. U o`rnidan turishga chog`langan otasiga qozondagi qolgan yog`ni ham quyib yubordi.
Achishish va og`riqdan azob chekayotgan otasining: «Nega bunday qilding, qizim?» — degan savoliga esa "Onamni siz shuncha paytdan buyon haqorat qilib, qiynab kelyapsiz. Siz ham qiynalish qanday bo`lishini bir ko`ringchi", — dedi tap tortmay.
Qo`shni xonadan yugurib chiqqan onasi tutaqib, qiziga baqira ketdi va tez yordam chaqirdi. Jigarporasining qilmishidan ham tani, ham dili ozor chekkan Jo`rabek kasalxonada o`n kun davolanib chiqdi.
Ota o`z farzandiga yomonlikni ravo ko`rarmidi. U qizining qilmishini kechirdi. Sud sudlanuvchi Naima Hoshimovaga nisbatan qilmishiga yarasha jazo tayinladi. Bu haqda xabar bergan O`zbekiston bosh prokuraturasining “Huquq” nashri sudlanuvchiga qanday jazo tayinlangani va voqea qaerda ro`y bergani haqida ma`lum qilmagan.





