AsosiyShou-biznes

"O`tgan kunlar" badiiy filmi AQShda namoyish etildi

2014 yil 19 dekabr – AQSh poytaxti Vashington shahridagi Jorj Vashington nomidagi universitetning L.Elliot nomidagi Xalqaro munosabatlar maktabida 1969 yili taniqli o`zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning “O`tgan kunlar” romani asosida “O`zbekfilm” kinostudiyasida tasvirga olingan “O`tgan kunlar” badiiy filmi namoyish etildi.

Bu haqda “O`zbekkino” milliy agentligi xabar berdi. Ushbu film nomi zikr etilgan maktab J.Vashington nomidagi universitetning Evropa, Rossiya va Evrosiyo tadqiqotlari institutining Markaziy Osiyo dasturi bilan hamkorlikda o`zbek kino san`atiga bag`ishlab o`tkazgan tadbirda ko`rsatildi, deb xabar beradi «Jahon» axborot agentligi.

Xabar qilinishicha, “bunday tadbir AQSh aholisini o`zbek xalqining tarixiy merosi, madaniy-ma`naviy qadriyatlar bilan yaxshilab tanishtirish maqsadida o`tkazilmoqda”. – Ushbu kartina o`zbek mumtoz kinosining ajoyib namunalaridan biridir. O`zbek kinematografiyasiga filmlar mavzulari rang-barangligi, janrlar va yo`nalishlar ko`pligi xosdir, – dedi tadbirda nutq so`zlagan L.Elliot nomidagi Xalqaro munosabatlar maktabining Markaziy Osiyo dasturi direktori M.Lorel xonim.

Bundan tashqari, M.Lorel O`zbekistonda kino san`ati jadal rivojlanib borayotgani va ushbu yo`nalishda hukumat qo`rsatayotgan ko`mak muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi. “Amerika tomoni kelasi yili Vashington shahrida “O`zbek kinosi haftaligi”ni o`tkazishga qiziqish bildirdi va unga mamlakatimizinng mashhur kinoijodkorlarini taklif qilmoqchi”, deb yozadi agentlik.

    Boshqa yangiliklar