AsosiyJamiyat

20 million 895 ming 572 fuqaro saylovda ishtirok etadi

17 dekabr kuni 2014 yilgi saylovlarni yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida O`zbekistonda akkreditasiya qilingan diplomatik missiyalar, xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, xorijiy kuzatuvchilar, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko`rishning borishiga bag`ishlangan brifing bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda MDH va EXHT DIIHBning saylovlarni kuzatish bo`yicha missiyalarining vakillari, xorijiy kuzatuvchilar, O`zbekistonda akkreditasiyadan o`tgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlarning vakillari, chet el va mamlakatimiz jurnalistlari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulug`bek Abdusalomov brifing ishtirokchilarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha qilingan ishlar to`g`risida axborot berdi.

Ta`kidlanganidek, saylovlar – bu kuchli fuqarolik jamiyati bo`lgan demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi, xalqning o`z xohish-irodasini erkin bildirishining asosiy shaklidir. Fuqarolar o`zlarining saylash va saylanish konstitusiyaviy huquqini amalga oshirib, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etadi.

Parlament va joylardagi davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov sifat jihatidan yangi ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda o`tayotganligi ta`kidlab o`tildi. Oliy Majlis tomonidan 2010 yil noyabrida qabul qilingan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasidan kelib chiqqan, shuningdek 2009 yilgi parlament saylovini o`tkazish amaliyotini hisobga olgan holda mamlakatimizning Konstitusiyasiga va saylov qonunchiligiga saylov jarayonini yanada demokratlashtirish va liberallashtirishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq dunyo amaliyotida birinchi marotaba Markaziy saylov komissiyasiga konstitusiyaviy organ maqomi berildi. U saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazishni hokimiyat boshqa organlarining hech qanday aralashuvisiz ta`minlaydi. Bu saylov jarayonlarining mustaqilligining hamda haqqoniy demokratik va halol saylovning ochiq va oshkora o`tkazilishining har tomonlama ta`minlashning yana bir muhim kafolati bo`ldi.

Saylovlarni yuksak demokratik darajada o`tkazish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda miqyosiga ko`ra katta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi.

Joriy yilning 12 mayida Markaziy saylov komissiyasi tomonidani 2014 yilda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Mazkur hujjatda saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha muhim talablar va maqsadli vazifalar, aniq vaqt ko`rsatilgan jadval asosida o`tkaziladigan barcha tadbirlar aniqlab olindi. Bu saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishni yuksak demokratik darajada tashkil etish, fuqarolarning saylov huquqlarini to`liq amalga oshirish, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda siyosiy partiyalarning faol ishtirok etishini ta`minlash uchun sharoitlar yaratish imkonini berdi. Saylov qonunchiligini saylovchilarga keng tushuntirish bo`yicha samarali ishlar tashkil etish, fuqarolarni deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari, ularning ishchanlik va ma`naviy fazilatlari bilan tanishtirish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea sifatida saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayoni haqida saylovchilarning xabardorligi darajasini oshirishni ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Joriy yilning 15 sentyabr kuni parlament quyi palatasi va mahalliy Kengashlarga saylov kampaniyasi boshlandi. Brifing ishtirokchilari 2014 yil parlament saylovida O`zbekistonning barcha to`rtta siyosiy partiyalari ishtirok etayotganligi haqida xabardor qilindi. Belgilangan muddatlarda partiyalarning s`ezd va qurultoylari o`tkazilib, ularda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko`rsatildi. Ro`yxatga olingan nomzodlarning umumiy soni 535 kishini tashkil etdi, shu jumladan O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan – 132 nafar, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 135 nafar, O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 134 nafar va O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 134 nafar.

Bo`lajak saylovlarda ikkinchi marotaba O`zbekiston ekologik harakati vakillari ishtirok etmoqda. Ularga milliy parlament quyi palatasidagi 150 ta o`rindan 15 tasi ajratilgan. 21 dekabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro biznes markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov bo`yicha O`zbekiston ekologik harakatining konferensiyasi o`tkaziladi.

Brifingda ta`kidlanganidek, saylov kampaniyasi doirasidagi barcha tadbirlar ochiq va oshkora hamda qonunchilikka qat`iy rioya qilingan holda o`tkazilmoqda. Qonunchilik palatasiga saylov bo`yicha o`rtacha 154 ming saylovchini hisobga olgan holda 135 ta saylov okrugi tuzildi. 9035 ta, shu jumladan O`zbekistonning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida 44 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Okrug va uchastka saylov komissiyalari obro`li, hurmatga sazovor, avvalgi yillarda saylov kampaniyasini o`tkazishda tajribaga ega bo`lgan fuqarolardan tashkil topdi. Okruglar va uchastkalar ro`yxati saylovchilarning soni hamda okrug va uchastka saylov komissiyalari shaxsiy tarkibi to`g`risidagi barcha ma`lumotlar ko`rsatilgan holda matbuotda e`lon qilindi.

Saylov komissiyalari a`zolari uchun ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, saylov qonunchiligidagi yangi normalar bilan tanishtirish maqsadida mamlakatning barcha mintaqalarida turkum seminarlar o`tkazildi. Bugungi kunda barcha saylov uchastkalari ovoz berishni yuqori tashkiliy darajada o`tkazish uchun to`liq tayyor holga keltirildi. Saylov uchastkalari barcha zarur narsalar – aloqa vositalari, kompyuter va tashkiliy texnika, huquqiy adabiyotlar bilan ta`minlangan. Maxsus ajratilgan joylarda yashirin ovoz berish uchun kabinalar jihozlangan, saylov qutilari o`rnatilgan. Uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilarning to`liq ro`yxatlari tuzilib, ularga 20 million 895 ming 572 fuqarolarning familiyalari kiritildi. Barcha saylovchilar ovoz berish vaqti va joyi haqida xabardor qilindi.

Qonunchilikka muvofiq saylov kuni o`z yashash joylarida bo`lish imkoniga ega bo`lmagan saylovchilarga muddatidan oldin ovoz berish huquqi berilgan. Ayrim saylovchilar salomatligiga ko`ra yoki boshqa sabablar bo`yicha ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, ularning iltimosiga muvofiq uchastka saylov komissiyalari ovoz berishni ular turgan joyda tashkil etadi. Muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 11 dekabrida boshlangan va 19 dekabrida tugaydi.

Joriy yilning 15 noyabridan boshlab saylov kampaniyasining muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti davom etmoqda. O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarga saylovoldi dasturlari, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy riojlantirish bo`yicha dolzarb masalalar yuzasidan ularda bayon etilgan pozisiyalarni saylovchilarga etkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratilgan. Saylovoldi tashviqotini olib borish uchun tekin asosda davlat tele- va radiokanallarida teng efir vaqti va respublika va mahalliy bosma OAV teng bosma maydoni ajratildi. Siyosiy partiyalar vakillari, deputatlikka nomzodlarning chiqishlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlarning debatlari qiziqarli va qizg`in o`tmoqda. Ular o`z nuqtai nazarlarini qat`iy himoya qilishmoqda, jonli bahslar bo`lyapti. Teledebatlar har hafta markaziy va hududiy telekanallarda, shuningdek, nodavlat telekanallarda ham o`tkazilmoqda.

Internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlar, siyosiy partiyalar veb-saytlari, shuningdek, internet-nashrlar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Bir so`z bilan aytganda, saylovchilarning siyosiy partiyalar saylovoldi platformalari, deputatlikka nomzodlarning kelajakdagi faoliyati, eng munosiblarini saylashni ta`minlash maqsadida ularning shaxsiy fazilatlari bilan tanishish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Siyosiy partiyalar bevosita saylovchilar bilan uchrashuvlarga alohida e`tibor qaratmoqda. Saylovoldi tashviqoti boshlangandan beri ular tomonidan jami 10 mingdan ortiq bunday uchrashuvlar o`tkazilgan. Saylovoldi tashviqoti borishining tahlili ko`rsatganidek, u faol ravishda va saylov qonunchiligi talablariga qat`iy muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda.

Brifingda alohida ta`kidlab o`tilganidek, saylovlarning ochiqligi va oshkoraligi kuzatuvchilar instituti orqali ta`minlanmoqda. Hozirgi kunda O`zbekistonda EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi va MDH kuzatuvchilar missiyalari o`z faoliyatini amalga oshirmoqda. Yaqin kunlarda ularga yana uchta xalqaro tashkilot – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi va Islom hamkorlik tashkilotidan kuzatuvchilar missiyalari kelib qo`shiladi. Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Osiyo, Evropa, Afrika, Amerika, shuningdek MDHning jami qariyb 40 ta davlatidan 300 nafarga yaqin kuzatuvchilar ro`yxatga olingan. Bundan tashqari okrug saylov komissiyalari tomonidan siyosiy partiyalarning 70 mingdan ziyod kuzatuvchilariga va vakolatli vakillariga tegishli mandatlar berildi.

O`zbekistonda saylov jarayonini keng yoritishda mamlakatimiz va chet el OAVning 340 dan ortiq akkreditasiyadan o`tgan vakillari ishtirok etmoqda. Ularni barcha zarur axborot materiallari bilan ta`minlash uchun 2014 yilgi saylovlarni yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi faoliyat ko`rsatmoqda. Shunga o`xshash matbuot markazlari viloyat saylov komissiyalari huzurida ham tuzilgan. Bu erda brifinglar, matbuot anjumanlari, seminarlar o`tkazilmoqda.

2014 yilgi saylovlarni yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi bildirishicha, Markaziy saylov komissiyasi saylov kuni saylovlarni yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida 21 dekabr soat 13.00, 17.00 va 22.00 da ovoz berish jarayoni haqida brifinglarda jamoatchilikni xabardor qilib boradi, keyingi kunda esa dastlabki natijalar e`lon qilinadi.

    Boshqa yangiliklar