2014 yil 12 dekabrdagi O`zbekiston Prezidentining Farmoyishiga muvofiq, “Keksalarni e`zozlash yili” davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo`yicha respublika Komissiyasi tashkil etildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining axborot xizmati xabar bermoqda.
Farmoyishda qonunchilik, pensiya ta`minoti va ijtimoiy himoya, sog`liqni saqlash, yoshga oid kasalliklar, jumladan, ko`rish va eshitishning zaiflashuvi kabi kasalliklar proflaktikasi hamda keksa avlod vakillarini sog`lomlashtirish tadbirlarini yanada takomillashtirish kabi keng miqyosdagi masalalarga e`tibor qaratildi. Shuningdek, keksalar uchun qulaylik tug`diruvchi, shu jumladan, ular turli hil ma`lumotnoma va tasdiqlovchi xujjatlarni olishlarida barcha qulayliklarga ega davlat xizmatlari ko`rsatish tizimini shakllantirish, ko`rish, eshitish va xarakatlanishida muammosi bor insonlarni reabilitasiyaning texnik va boshqa yordamchi vositalari bilan ta`minlash kabi tadbirlar ham e`tiborga olingan.
Dasturni shakllantirishda keksa avlod vakillarining har bir yosh toifasining individual ehtiyojlariga ham e`tibor qaratiladi: Butun jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tasnifiga ko`ra, 60 yoshdan 74 yoshgacha bo`lgan aholi - keksalar, 75 yoshdan 89 yoshgacha bo`lgan aholi - qariyalar, 90 va undan ortiq yoshdagilar uzoq umr ko`ruvchilar hisoblanadi.
Keksa avlod vakillarining maroqli xordig`ini tashkil etish masalalari ham muhim o`rin tutishini inobatga olgan xolda, ularning qiziqishiga mos ko`rsatuvlar, spektakllar va filmlar namoyishini ko`paytirish, yangi ko`ngilochar va madaniy-ma`rifiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Jismoniy faolik – uzoq-umr ko`rish va keksalik gashtini surishning kafolatidir, shu sababli dasturda keksa avlod vakillarini jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanishlarga etarli shart-sharoitlar yaratish, ularga mos sayyohlik xizmatlarining turi va shaklini kengaytirish ham ko`zda tutilmoqda.
Hozirgi kunda “Nuroniy” jamg`armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O`zbkiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi, O`zbekiston “Nogironlar” jamiyati, O`zNNTMA hamda boshqa jamoat tashkilotlari vakillari Dastur loyihasini tayyorlashda faol ishtirok etmoqda.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan nogironlar aravachalari, eshitish va xarakatlanish moslamalari, ko`zi ojizlar uchun xassa hamda yozuv jihozlari, xojatxona va yuvinish xonalari uchun maxsus kursi va stullar, ko`chma panduslar, maxsus ko`tarish moslamalari ro`yhati tuzilmoqda. Shuningdek, vazirlik tomonidan yolg`iz keksalar uchun ko`rsatiladigan moddiy yordam (jumladan, har oy beriladigan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar) turini kengaytirish va sifatini oshirish, o`ta og`ir kasalikka chalingan va prognozi noxush bemorlarga maxsus palliativ (xospis) xizmati ko`rsatish bo`limlarini tashkil etish bo`yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.





