AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Qirg`iziston chegarasida 2014 yilda 5 ta nizoli vaziyat kuzatilgan

2014 yil 12 dekabr kuni Qirg`izistonning O`sh shahrida O`zbekiston va Qirg`iziston davlatlari chegara qo`shinlari mas`ul rahbarlari ishtirokida uchrashuv bo`lib o`tdi, deya xabar qilmoqda 12news.uz.

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegarasini qo`riqlash qo`mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ikki davlatning chegara muassasalari rahbar birinchi o`rinbosarlari va davlat chegaralarini qo`riqlovchi harbiy qism komandirlari ishtirok etgan. Uchrashuvda o`zbek-qirg`iz davlat chegaralaridagi vaziyat, 2014 yilda chegara qo`shinlari faoliyati bo`yicha yil yakunlari va 2015 yildagi hamkorliklari yuzasidan muzokaralar olib borildi. Shuningdek, uchrashuvda  O`zbekiston va Qirg`iziston chegaralarida nizoli vaziyatlarni keltirib chiqarmaslik, bu kabi holatlar yuzaga kelganda chegara xodimlarining qanday yo`l tutishlari lozimligi to`g`risida masalalar ko`rib chiqildi. Tomonlar mazkur masala yuzasidan kelgusida ham hamkorlik qilishga tayyorligini va o`zbek-qirg`iz chegaralarini ishonchli qo`riqlashda manfaatdor ekanliklarnii bildirib o`tishdi. Yig`ilish yakunida bayonnoma rasmiylashtirildi.

Qirg`iziston chegara xizmati matbuot xizmatining ma`lumotiga ko`ra, bayonnomada chegarani qo`riqlash vaqtida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish choralarini ikki davlat vakillari ishtirokida hal etish, chegaradan noqonuniy ravishda yuk olib o`tish hollari va boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish bo`yicha chora tadbirlar qabul qilish kabi vazifalar belgilab qo`yildi. Bundan tashqari, O`zbekiston va Qirg`iziston davlat chegaralarini qo`riqlash bo`yicha hamkorlikdagi ishlari kelgusida ham davom etishi aytib o`tildi. Uchrashuv davomida ikki davlat chegarasida sodir bo`lgan nizoli to`qnashuvlar 2013 yilga nisbatan 2 baravarga kamaygani haqida hisobot berildi, ya`ni 2013 yilda chegara hududlarida 13 ta nizoli vaziyat qayd etilgan bo`lsa, 2014 yilda bu ko`rsatkich 5 tani tashkil etdi.

    Boshqa yangiliklar