Yaponiyada vodorod dvigatelida yuradigan dunyodagi ilk seriyali avtomobillar sotuvga chiqarildi, deb xabar bermoqda daryo.uz TASSga asoslanib. Toyota Motor Corp kompaniyasi mahsuloti bo`lgan sedan Mirai («Kelajak») deb nomlangan.
Toyota 2015 yil oxirigacha yoqilg`i bakidagi vodorod va atmosfera kislorodi qo`shilishida hosil bo`lgan energiya hisobiga yuradigan bunday avtomobillarning 700 tasini ishlab chiqarmoqchi. Ulardan 400 tasi ichki bozorga, 200 tasi AQShga va 100 tasi G`arbiy Evropa mamlakatlariga mo`ljallangan.
Ichki bozorda vodorod dvigatelli avtomobilga qiziqish yuqori bo`lgani sababli xarid uchun arizalar sotish rejasidan ancha oshib ketgan. Shu tufayli kompaniya Mirai ishlab chiqarishni 3 baravarga oshirib, yiliga 2100 tadan avtomobil chiqarmoqchi. Tokioda yozgi Olimpiya o`yinlari o`tkaziladigan 2020 yilga borib esa yiliga 50 mingtagacha vodorod dvigatelli avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan.





