Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara bojxona kompleksi xodimlari tomonidan bojxona qoidabuzarliklarini sodir etgan “tadbirkorlar”ning qing`ir ishlariga chek qo`yildi. Bu haqda uz24.uz nashri Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining axborot xizmati bergan ma`lumotlarga tayanib, xabar beradi.
Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklaridan yurtimizga kirib kelgan chet el fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtomashinasiga ortilgan konteyner amaldagi tartiblarga muvofiq ko`zdan kechirilganda, unga ortilgan tovarlar bilan yuk-kuzautv hujjatlarida qayd etilgan tovarlar bir-biridan mutlaqo farq qilishi aniqlandi.
Hujjatlarga asoslanilsa, mazkur konteynerda asosan qurilish materiallari samarqandlik xususiy tadbirkor nomiga yuborilishi kerak edi. Ammo, konteyner tekshiruv apparatidan o`tkazilganda, uning ichida idishlarda suyuqlik mahsulotlari borligi ayon bo`ldi.
Konteynerda hujjatlarda ko`rsatilgan tovarlardan faqatgina “granit toshi” tovari borligi, boz ustiga u ham qayd etilgan miqdordan salkam 6 tonna kam ekanligi, hujjatlarda nomlari ko`rsatilgan boshqa tovarlar esa konteynerda umuman mavjud emasligi aniqlandi. Ularning o`rniga esa hujjatlarda ko`rsatilmagan, umumiy qiymati 737million so`mdan ortiq bo`lgan 115 nomdagi tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.





