AsosiyJamiyat

Teletomoshabinlar "Mening Yurtim" telekanali dasturlarini shakllantirishda ishtirok etadi

2014 yil 12 dekabr kuni soat 16.00 “Dedeman Silk Road Tashkent” mehmonxonasida VI Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali g`oliblarini taqdirlash va  17:00da yangi yoshlarga mo`ljallangan "Mening Yurtim"-"MY5" telekanali dasturlar jadvali loyihasining taqdimoti bo`lib o`tadi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat va O`zbekistonda akkreditasiyadan o`tgan xalqaro tashkilotlar vakillari,  nodavlat teleradiostansiyalar rahbarlari, ijodiy guruhlari, madaniyat va san`at xodimlari, o`zbek estradasi yulduzlari ishtirok etadi.

Tadbir tashkilotchilari: O`zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assosiasiyasi (O`zEOAVMA), O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha Parlament komissiyasi, Yoshlar madaniyat va san`at markazi, “Kamolot” YoIH hamda "O`zbeknavo" estrada birlashmasi.

Elektron OAV ijodiy va texnik xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish, ularda efirga uzatilayotgan teleradiomahsulotlar sifati va darajasini yuksaltirish, efir dasturlarini ijtimoiy ahamiyatga ega reklama bilan boyitish  maqsadida 2008 yildan buyon Assosiasiya tomonidan mahalliy hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali o`tkazib kelinmoqda.

O`zEOAVMA faoliyatining muhim yo`nalishlaridan biri O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Islohotlar islohot uchun emas, inson manfaatlari uchun” degan g`oyaga asoslangan holda hududiy telestansiyalar ijodiy guruhlarini ijtimoiy-ahamiyatli media-mahsulotlarni tayyorlash borasida qo`llab-quvvatlash hamda rag`batlantirishdir. 

Tanlov mavzusining dolzarbligi, Hakamlar hay`atining xolisligi, keng jamoatchilikning fikr-munosabatlari mana 6 yildirki, festival muhim media- voqea sifatida e`tirof etilmoqda va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda davlat, jamoat hamda xorijiy tashkilotlar imkoniyat va kuchlarini birlashtirmoqda.

Milliy festivalga tayyorgarlik jarayonida tashkiliy qo`mitaga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, yoshlarni yoshi ulug`larga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash, atrof-muhit haqida qayg`urishga yo`naltirilgan 1200dan ortiq tele-radioroliklar kelib tushdi. Shu yilning o`zidayoq, 350 dan ortiq tele va radio roliklar tayyorlandi va ular kabel studiyalari hamda nodavlat teleradiostansiyalar orqali 90 000martadan ko`proq efir yuzini ko`rdi.

Festivalning ahamiyatli tomoni shundaki, g`oliblar to`g`ridan to`g`ri onlayn-elektron ovoz berish yo`li bilan aniqlanadi. Har uchala nominasiya Hakamlar hay`ati tarkibiga davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar, shuningdek fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari kiritilgan.

Festival yakunida 2014 yilning 12 noyabrida texnik sinov efirini boshlagan “Mening Yurtim” - “MY5" telekanalining keyingi 90 kun davomida efirga uzatilishi rejalashtirilayotgan dasturlar jadvali loyihasi taqdimoti bo`lib o`tadi. Sinov efirining ikkinchi bosqichida teletomoshabinlarning media-kontent haqidagi fikr-mulohazalari hamda takliflari o`rganilishi mo`jallangan va shu asosida telekanal dasturlar jadvali shakllantiriladi.    

Bu jarayonda teletomoshabinlar auditoriyasiga yoshlarda faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirish va bu borada axborot berishga yo`naltirilgan mualliflik loyihalari, axborot dasturlari va boshqa kontentni muhokama qilishga taklif etiladi. Ushbu aksiyadan ko`zlangan asosiy maqsad – “MY5” efiri uchun O`zbekiston Respublikasi milliy auditoriyasi manfaatlarini qoniqtiruvchi  original telemahsulotlarni tayyorlashni rag`batlantirishdir.

Poytaxtimiz hamda Toshkent viloyatining 5 millionlik aholisi e`tiboriga sutka davomida o`zbek va boshqa tillarda yoshlar ijodiy guruhlari, boshqa ijodiy studiyalar hamda “Bunyodkor” yoshlar teleklubi tomonidan tayyorlangan 20 soatlik qiziq va kreativ media-mahsulotlar taklif qilinadi.   

“Mening Yurtim” telekanalining dastlabki kontenti – bu “MY5-NEWS”, “Sirdoshlar”, “5+5”, “Top-dizayner”, “Beshinchi fasl”, “Kinolayf”  kabi yangi telekanal dasturlar jadvalida muqim o`rinlarga talabgorlik qilayotgan informasion va madaniy-ma`rifiy dasturlar hisoblanadi.

Teletomoshabinlarga “Mening Yurtim” telekanali sinov efiri davrida namoyish etiladigan ko`rsatuvlar haqidagi o`z fikr-muhozalarini hamda takliflarini bildirish orqali kanal media-kontentini shakllantirishda “MY5”ning feysbuk ijtimoiy tarmog`idagi sahifasi, 230-59-88 telefon raqami hamda yaqin kunlarda ish boshlashi kutilayotgan my5.uz elektron sayti orqali ishtirok etish imkoniyati taqdim etilmoqda.

Shu bilan birga, so`rovnoma jarayonida telekanalning jahon va milliy kinematograflari tomonidan suratga olingan eng yaxshi badiiy fimlar, teleseriallar hamda multfilmlar kiritiladigan dasturlar jadvali ham shakllantirilib, yanada takomillashtirilib boriladi.

“MY5”ning yosh jamoasi musiqiy bloklarning auditoriya didi va qiziqishlariga mos kelishi ustida ish olib borishadi: mumtoz musiqadan tortib, to eng so`nggi music-trendlargacha. 

“Mening yurtim” ijtimoiy reklamani faol efirga uzatuvchi yagona telekanal bo`lishga harakat qiladi. Biroq “MY5”ning yakuniy dasturlar jadvali teletomoshabinlar tomonidan qabul qilinadi va ularning tanlovi esa kelayotgan bahor faslining ilk kunlarida ma`lum bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar