Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yong`in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan saylov uchastkalarida yong`in xavfsizligini ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar o`tkazilmoqda. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar beradi.
Boshqarma ma`lumotlariga ko`ra, yong`in xavfsizligi xizmati xodimlari saylov uchastkalarida yong`in-texnik tekshiruvlar olib bormoqda. Ular birlamchi o`t o`chirish vositalarining mavjudligi va gidrantlar, shuningdek, ularning yaroqlilik holatini tekshirib, kirish yo`laklaridagi qo`shimcha qurilishlar va belgilanmagan joylardagi avtomobillar turar joylarini olib tashlamoqda. Bundan tashqari, ichki va tashqi yong`inga qarshi suv quvurlari, yoritish va elektr tarmog`ining sozligi tekshirilib, avtomatik yong`indan ogohlantirish tizimi amalda sinab ko`rildi va boshqa tegishli ishlar amalga oshirildi.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, ayni paytda birlamchi o`t o`chirish vositalari, yong`indan ogohlantirish tizimi va aloqa vositalarining mavjudligi, sozligi va qo`llashga tayyorligini ta`minlash, shuningdek, saylov komissiyalari a`zolari va saylovni o`tkazishga jalb etilgan xodimlarga yong`in xavfsizligi chora-tadbirlari, yong`in chiqqan holatlarda qanday harakat qilish haqida yo`l-yo`riq ko`rsatish talab qilinadi.





