AsosiyDunyo

AQSh prezidenti Barak Obama o`zini dasturchi sifatida sinab ko`rdi

Barak Obama “JavaScript” tilida qisqa dastur yozgan birinchi davlat rahbari bo`ldi, deya xabar beradi www.lookatme.ru nashri. U shu yilning 8 dekabr sanasida “Hour Of Code” (“Kod vaqti”) ilmiy aksiyasining ikkinchi bosqichida ishtirok etdi.

Shu munosabat bilan Obama Oq uyda Nyu-Jersi maktablaridan birining 20 nafar o`quvchisini qabul qilib, ular bilan birga qisqa dastur yozishga harakat qilib ko`rdi.

Aksiya tashabbuskori hisoblangan Code.org notijorat tashkiloti asoschisi Xedi Partovining fikriga ko`ra, Obama boshlovchilar uchun darslikni oxirigacha o`qimagan, lekin “Google Blockly” vizual-muharririda bir necha mashq bajarib, “JavaScript”da qisqa dastur yozgan. Obamaning dasturi uchun asosni o`quvchi Adrianna Mitchell yaratdi.

Partovining aytishicha, prezident satrlarni juda tartib bilan yozgan. Barak Obama 2013 yilda dasturlashni qo`llab-quvvatlab nutq so`zlagan va dasturlashni har bir amerikalik va butun mamlakatning kelajagi asosi deb ta`kidlagan edi. Ammo unda prezident hali kod yozishga urinmagandi.“Hour Of Code” aksiyasi 2013 yildan beri o`tkaziladi. Tashkilotchilar o`quvchi va talabalarni dasturlashda o`zlarini sinab ko`rish uchun hech bo`lmasa bir soat vaqt ajratishga chaqirishadi. O`tgan yili aksiyada 53 millionga yaqin odam ishtirok etgan edi. Bu yil Code.org ishtirokchilar sonini 100 million kishiga etkazmoqchi.

    Boshqa yangiliklar