AsosiyJamiyat

O`zbekistonda saylov jarayonlarini kuzatish uchun MDH ijroiya qo`mitasi missiyasi tashrif buyurdi

Shu yilning 8 dekabr kuni O`zbekistonga Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi (MDH) Ijroiya qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Vladimir Garkun boshchiligida MDH Ijroiya qo`mitasi missiyasining uzoq muddatli kuzatuvchilar guruhi tashrif buyurdi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan MDH Ijroiya qo`mitasining kuzatuvchilar missiyasi parlament saylovlariga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazish jarayoni bo`yicha kuzatuvni amalga oshiradi.

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasida missiya a`zolari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov mehmonlarni O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, saylovga oid qonunlar hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tadbirlar dasturiga muvofiq ochiq va oshkora o`tkazilayotgan 2014 yilgi saylov kampaniyasining o`ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirdi.

MDH Ijroiya qo`mitasi kuzatuvchilar missiyasining uzoq muddatli guruhi a`zolari, shuningdek, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng sharoitlar yaratilgani haqida ma`lumotga ega bo`lishdi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshlaydi va kuzatuvlarni tashkil etish bilan bog`liq barcha tadbirlarni o`tkazadi. Missiya shtabi saylov jarayoni borishi haqida materiallarni yig`ish, ishlash va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o`tkazish va televizion dasturlar hamda bosma OAVda chiqayotgan yangiliklarni monitoring qilish, siyosiy partiyalar saylovoldi shtablari rahbariyati, deputatlikka nomzodlar bilan uchrashuvlar o`tkazish, kuzatuvchilarni hududlarga yuborish va ularning ish tartibini belgilash kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Tadbir yakunida mehmonlarga saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqini beradigan tegishli namunadagi mandatlar topshirildi. Bu haqda uz24.uz nashri 2014 yilgi saylovlarni yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi xabarlari tayanib ma`lumot bermoqda.

    Boshqa yangiliklar