AsosiyJamiyat

Quvaytlik professorning bosh qomusimiz haqidagi fikrlari

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 22 yilligi bayrami arafasida Kuvayt universitetining davlat va konstitusiyaviy huquq masalalari bo`yicha eksperti, professor Muhammad al-Filiy mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishni ta`minlashga yo`naltirilgan keng miqyosli o`zgarishlarning amalga oshirilishida O`zbekiston Asosiy Qonunining o`rni va ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalari bilan o`rtoqlashdi, deya xabar bermoqda "Xalq so`zi" gazetasi rasmiy sayti.

— Mutaxassis sifatida shuni qayd etishni istardimki, O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasini ishlab chiqishda o`zbek davlatchiligining boy tarixiy yo`li, konstitusiyaviy qurilishning zamonaviy g`oyalari, universal demokratik tamoyillar hamda qadriyatlar, shuningdek, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida to`plangan ilg`or tajribalar hisobga olingan.
Mazkur Konstitusiya respublikaning qonun ustuvorligi va inson manfaatlari himoyasiga asoslangan demokratik rivojlanish yo`lini belgilab berdi. Shu tufayli O`zbekiston barcha sohada e`tiborga molik natijalarga erishmoqda.
Yaqin kunlarda mamlakatda o`tkaziladigan parlament saylovlari O`zbekistonning demokratik rivojlanishi yo`lidagi navbatdagi muhim bosqich bo`ladi. Chunki ushbu saylov parlament vakolatlari kengaygan hamda respublikada saylov tizimi yanada demokratlashgan bir sharoitda o`tmoqda.
O`zbekiston turli millatlar va etnik guruhlarning vakillari istiqomat qiladigan ko`p millatli mamlakatdir. Asosiy Qonunda muhrlab qo`yilganidek, barcha fuqarolar millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodidan qat`i nazar, qonun oldida teng sanaladi. Barcha millat va elatlar vakillariga o`zlarining tili, urf-odat hamda an`analarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Eng muhimi, mamlakatda ularning tinch-totuv, o`zaro do`stlik va hamjihatlikda, bag`rikenglik muhitida yashashi ta`minlangan.
So`zimning oxirida do`st O`zbekiston xalqiga farovonlik, gullab-yashnash hamda bundan-da ulkan muvaffaqiyatlar hamisha yor bo`lishini tilayman.

«Jahon» AA.

    Boshqa yangiliklar