Tugab borayotgan yilda ko`plab ixtirolar qilindi. Ularning ba`zilari matbuotda shov-shuv ko`tardi, ba`zilari e`tiborsiz qoldi. Biz “Time” jurnali talqiniga ko`ra yilning eng muhim ixtirolarini sanab o`tamiz.
1. Haqiqiy uchar skeytbord

Ertakdagi uchar gilamdek parvoz qiladigan skeytbord “Kelajakka qaytib” filmining ikkinchi qismida ham ushalmas orzu sifatida ko`rsatilgandi. Biroq Kaliforniyadagi “Hendo” firmasi bu yil “parvoz qiluvchi doska”ning haqiqiy prototipini yasadi. Tabiiyki, uning cheklovlari bor.
Skeytbord yuzadan uch santimetr tepadagina uchishi mumkin, keyin bu yuza tok o`tkazadigan, masalan, mis yoki allyuminiydan yasalgan bo`lishi kerak. Hozirgacha 10 dona ana shunday skeytbord yasaldi. Batareya quvvati esa atigi 15 daqiqaga etadi.
2. Aqlli kosmik kema

Hech kim bir urinishdayoq Marsga etishni uddalay olmagan. Buni AQShda ham, Rossiyada ham, Evropada ham eplasholmadi. Biroq 24 sentyabrda Hindiston bunga muvaffaq bo`ldi. Sayyoralararo “Mangalyan” kosmik stansiyasi qizil sayyoraning orbitasiga chiqqanida, bu o`ziga xos texnologik jasorat bo`ldi. Osiyo davlatlaridan birortasi buni uddalay olmadi. Bu kemaning qurilishi Hindiston uchun 74 million dollarga tushdi. Shuni eslatib o`tish kerakki, bu “Gravitasiya” filmi byudjetidan kamroq. “Mangalyan”ning beshta bort qurilmasi atmosfera tarkibidagi metan darajasini o`lchab, sayyora yuzasini tahlil qilish imkonini beradi.
3. Elektr quvvatini simsiz uzatish

Simsiz internet va simsiz telefonlarimiz bor. Shunday ekan, nega maishiy asboblarimiz haligacha rozetkalardan quvvat oladi? Ha, hozir ham mobil telefon singari kichikroq gadjetlar uchun simsiz quvvatlantiruvchi asboblar bor. Biroq Massachusets shtatidagi “WiTricity” kompaniyasi bu haqda boshqacharo fikrda. Ularning texnologiyasi asboblarni 2,4 metr masofadan quvvatlantirish imkonini beradi. Bu texnologiyani “Intel”, “Toyota” va boshqa ko`plab kompaniyalar namoyish etishga ulgurishdi. Kompaniya direktori Aleks Gruzenning aytishicha, o`n yildan so`ng xonalarimiz o`zgarishi, lampa, televizor, musiqa markazlari singari maishiy asboblar yagona simsiz quvvat manbaidan quvvatlanishi mumkin.
4. Uch o`lchamli bosma

Har qanday ob`ektni yasay oladigan mashina. Bu xuddi ilmiy fantastikadek eshitiladi, biroq raqamli chizmalarga qarab, plastik va boshqa materiallardan foydalanib, ob`ektlarni yarata oladigan uch o`lchamli bosma qurilmalari rivojlanishi tufayli bu fantastika shiddat bilan haqiqatga aylanmoqda.
Uch o`lchamli bosma texnologiya — korporasiyalar uchun ham, oddiy foydalanuvchilar uchun ham foydali. O`tgan yili o`quvchilar uchun printerda chop etilgan fizika darsliklari uchun mashinalar modeli, olimlarda esa printerda chiqarilgan odam to`qimalari paydo bo`ldi. Samolyotsozlar reaktiv dvigatellarning samaradorligini oshirish uchun uch o`lchamli bosmadan foydalanmoqda. Bunday printerlar, hatto, konfet va musiqa asboblarini ham chop etishi mumkin!
5. “Aqlli” soat

“Aqlli” soatlarning aksariyati juda yaxshi, lekin ularni ishlatishda uyali telefonlarning tajribasidan foydalanishga urinilmoqda. Bunday “birlashish” natijasi esa kishini quvontirmaydi. “Apple” soati esa — bilakdagi yangi interfeysga ega to`laqonli kompyuter bo`lib, unda jismoniy tugmalar sensor ekran bilan uyg`unlashgan. Bu soat yordamida faqat vaqtni aniqlabgina qolmasdan, xabar jo`natish, sog`liqdan ogoh bo`lib turish, to`lovlarni amalga oshirish mumkin va hokazo.
6. Kechaga fayz kiritadigan kuler

Kulerlar 60 yildan beri hayotni engillashtirib, kechalarda mehmonlarga yaxna ichimliklar va gazaklarni taqdim etadi. Biroq bundan qoniqmagan Rayan Grepper “Coolest Cooler” nomli dunyodagi birinchi “aqlli kuler”ni yaratdi. Tabiiyki, unda ichimliklar va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanadi. Biroq unda yana kokteyllarni aralashtiruvchi blender, qopqoqning diodli yoritkichi bo`lib, kerakli ichimlikni hatto qorong`ida ham topib olsa bo`ladi. USB-port esa telefonni quvvatlantirishga imkon beradi. Bundan tashqari, kulerning katta g`ildiraklari bo`lib, bir joydan ikkinchi joyga ko`chirish juda oson.
7. Bukchayganlikdan xalos etadigan chip

Bukchaygan odamlarda vaqt o`tib bel sohasida og`riq paydo bo`lishini bilsangiz kerak. “Biz bukchayishni bas qilish kerakligini unutib qo`yamiz”, — deydi “Lumo BodyTech” kompaniyasi vakili Monika Perkash. Bu kompaniyada “eslatuvchi” maxsus chip yaratishdi.

Bosh barmoqdek keladigan bu gadjet ko`ylakka qadalgandan so`ng bel va bo`yin holatini kuzatib, tahlil qilishni boshlaydi va qomat tik tutilmasa, belgi bildira boshlaydi. Tizim hali mukammal darajaga etkazilmagan. Gadjet foydalanuvchi zarurat yuzasidan, masalan, qo`ng`iroqqa javob berish uchun bukilganda ham, u ishlab ketishi mumkin. Shunga qaramay, qurilmaga talab katta, talabgorlarning aksariyati — ayollar.
8. Elektromobilga talab oshiradigan mashina

Elektromobillar yaqin-yaqingacha nisbatan sekin, umuman “polsiz” bo`lib, juda qimmat turardi. “BMW” konserni “I3” elektromobilini chiqarmaguncha shunday edi. Bu mashina bitta quvvat olib, 113 kilometr yo`l bosishi mumkin. Yangi dizayn esa bitta pedaldan ham tezlikni oshirish, ham tormoz berish uchun foydalanish imkonini beradi. Bu mashina haydashda quvvatdan samarali foydalanish imkonini yaratadi. Elektromobillarni sotib olmasliklariga yagona sabab — bu xaridorlarning yarim yo`lda batareyaning quvvatsizlanib qolishidan qo`rqishi. “BMW” ana shu xavotirni yo`qqa chiqarishni maqsad qilgan. Shuning uchun “I3”ga kichik benzinli dvigatel o`rnatilib, zarur bo`lganda, batareyani quvvatlantirishi mumkin.
9. Noutbuk o`rnini bosadigan planshet

“Microsoft”ning so`nggi “gibridi” o`zida noutbuk quvvati va planshetning ingichka korpusini uyg`unlashtirgan. Uning yordamida ko`plab ommabop ilovalardan foydalanish mumkin. Yupqa qopqoq klaviatura vazifasini ham bajaradi. O`zidagi taglik esa qurilmani stolga qo`yishga imkon beradi. Ana shunday o`ziga xosliklar tufayli “gibrid”ni yirik kompaniyalar ommaviy ravishda sotib olmoqda.
10. Muhim hodisalarni eslatib turuvchi uzuk

Ko`plab biznes-vumenlar singari Kristina Merkando ham smartfonini sumkasida olib yuradi. Demak, muhim xabarlarni tekshirish uchun ora-orada uni sumkasidan chiqaradi. Ammo u kerakli axborotni yonidagi buyumdan olsa-chi? “Ringly” uzuklarini chiqaradigan firma vakillarida shunday g`oya tug`ildi.

Bu uzuklarni shunday dasturlashtirish mumkinki, har gal boshliqdan, haydovchidan va boshqalardan matnli xabar kelganda, yonadi. Ilgari “eBay” kimoshdi savdosida dizayn menejeri bo`lib ishlagan Merkando uzuklaridan 1 million dollardan ko`proq pul ishlab topdi. 1000 ta uzukdan iborat ilk to`plam 24 soat ichida sotilib ketdi.
11. Ko`rlikning oldini oladigan banan

Afrikada, Sahroyi Kabirdan janubda 5 yoshgacha bo`lgan bolalarning 30 foizga yaqini oddiy bir sabab tufayli ko`r bo`lib qolishi mumkin: ularda ko`z yaxshi ishlashi uchun A vitamini etarlicha emas. Biroq bu bolalarning asosiy taomi o`rnini bosadigan bananlarni A vitaminiga boyitsa-chi? 2000 yil boshida Ugandaga borgan avstraliyalik genetik Jeyms Deylda shunday g`oya tug`ildi. Aynan o`shanda Deyl va uning jamoasi A vitaminiga boyitilgan “superbanan”larni yaratishga kirishdi. Yangi bananlarning odamlarda sinab ko`rilishi yaqin kelajakda boshlanadi.
12. Velosipedchini itaradigan g`ildirak

Velosipedda yurish odam uchun ham, atrof-muhit uchun ham foydali ekanligini barcha biladi. Biroq velosiped minish qiyin vazifaga aylanishi mumkin, ayniqsa, tepalikda yurishga to`g`ri kelsa. Velosipedchiga bu borada yordam berish uchun Kembrij, Massachusets shtatida maxsus “Kopengagen g`ildiragi” yaratildi. U standart o`lchamda, shuning uchun ko`p velosipedlarga qo`yish mumkin. G`ildirakda akkumulyatordan quvvatlanadigan dvigatel bor. Dvigatel joyiga va velosipedchining xohishiga qarab, har xil rejimda ishlashi mumkin. Velosipedchi xohishini dvigatelga smartfonidagi maxsus ilova orqali xabar qiladi. Bundan tashqari, g`ildirakda yo`l holatini kuzatib, o`nqir-cho`nqirlarni belgilaydigan, shuningdek, havo haroratini aniqlaydigan qurilmalar bor.
13. Ishoralar tili tarjimoni

Eshitolmaydigan millionlab odamlarga muloqot uchun ko`pincha surdotarjimonlar kerak bo`ladi. Ularning xizmati esa arzon emas. Ammo harakat va ovozni aniqlab, ishoralar tilini so`zlarga aylantira oladigan bir nechta kameraga ulangan planshet ko`rinishidagi qurilmani yaratsa, nima bo`ladi? “Bunga talab katta”, — deydi Rayan Xayt-Kempbell, “MotionSavvy” bosh direktori (uning o`zi ham eshitmaydi). Uning fikrini ko`pchilik ma`qullaydi, axir jamoa hozirgacha tadqiqotni yakunlash uchun 20 000 dollardan ko`proq mablag` to`plashga muvaffaq bo`ldi.
14. Ebola virusiga qarshi filtr

Ebola virusining eng dahshatli jihati — tezligi. U sanoqli kunlarda organizmda o`z ta`sirining shu darajada ko`p nusxasini hosil qilishi mumkinki, odamning immun tizimi “dovdirab” qoladi. Biroq dializ uchun apparatga mahkamlanadigan “Hemopurifier” — maxsus kartrij “tarozi pallasi”ni organizm foydasiga yon bosishga imkon beradi: kartrijdagi filtr Ebola virusini qondan yo`qotishi mumkin. Bu faqat bir marta, germaniyalik bemorda sinab ko`rildi, usul yordam berdi — bemor infeksiyadan tuzala oldi. Shifokorlar kelajakda gepatit virusiga qarshi kurashda ham shunday texnologiyalardan foydalanish imkoni tug`ilishiga umid qilishmoqda.
15. Elektr quvvati sarfini kamaytiradigan kondisioner

“Aros” kondisioneri 2014 yilda chiqarildi va shu kungacha 50 000 dan ortiq ana shunday qurilma sotildi. Bu kondisioner derazalarga o`rnatiladigan qurilmalarga o`xshamaydi. U chiroyli, silliq va oppoq. Bundan tashqari, u aqlli. Qurilma smartfonga o`rnatiladigan maxsus ilova yordamida egalarining ahvolini GPS yordamida kuzatib, uy egasi uydan qanchalik uzoqdaligiga qarab yoqilishi yoki o`chishi mumkin. Ma`lum bo`lishicha, “Aros” foydalanish elektr quvvati xarajatlarini 10 foizga kamaytiradi.
16. Eyish mumkin bo`lgan o`ram

“Esa bo`ladigan o`ram”, degan ibora yangilik emas. Ammo “WikiFoods” asoschisi Devid Edvards yogurt, pishloq, muzqaymoq va boshqa mahsulotlarni shunday mustahkam maxsus o`ramga qadoqlashni o`ylab topdiki, bu o`ramlar hammasini eb bo`lmaguningizcha shaklini saqlaydi. Bunday o`ramlarning hammasi quruq mevalar yoki boshqa tabiiy moddalardan tayyorlangan. Shaklni yanada mustahkamlash uchun ularga shakar va kalsiy qo`shilgan.
manba: xabardor.uz





