AsosiyJamiyat

Yilning eng faol ma`naviyat targ`ibotchisi aniqlandi

“Turkiston” saroyida “Yilning eng faol ma`naviyat targ`ibotchisi” respublika ko`rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo`lib o`tdi, deya xabar bermoqda O`zA.
Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi tomonidan turli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tadbirga O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla fuqarolar yig`inlari, xotin-qizlar qo`mitalari faollari, o`qituvchilar, yoshlar taklif etildi.
Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi rahbari Q.Quronboev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda milliy an`ana va qadriyatlarimizni ko`z qorachig`idek asrab-avaylash, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish, ularning ongu shuurini milliy hayot tarzimizga zid bo`lgan yot g`oyalar ta`siridan ishonchli tarzda himoyalash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta`kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi «O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori hamda «Sog`lom bola yili» Davlat dasturi doirasida ma`naviyat va ma`rifatni yuksaltirish, navqiron avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga oid amaliy chora-tadbirlar ko`lami kengaymoqda.
Prezidentimizning 2006 yil 25 avgustdagi «Milliy g`oya targ`iboti va ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligini oshirish to`g`risida»gi qarori mustaqilligimizning ma`naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an`ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat tuyg`ularini chuqur singdirishda muhim dasturilamal bo`lmoqda. Ushbu hujjatga ko`ra, har yili an`anaviy tarzda «Yilning eng faol ma`naviyat targ`ibotchisi» respublika ko`rik-tanlovi o`tkazib kelinmoqda.
Tanlov O`zbekiston Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta`limi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklari, Milliy g`oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi, “O`zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Undan ko`zlangan asosiy maqsad ma`naviy-ma`rifiy targ`ibot sohasi mutaxassislari faoliyatini atroflicha o`rganish, tahlil etish, bu boradagi ilg`orlar ish tajribasini ommalashtirish, yutuq va yangiliklarni keng jamoatchilik e`tiboriga havola etishdan iboratdir.
Tanlov jarayonida targ`ibotchilarning zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini ish jarayoniga samarali tatbiq eta olishi, aholi, ayniqsa, yoshlar bilan ishlash mahorati, ularga ijobiy ta`sir o`tkaza olish qobiliyatiga doir ish uslubiga asosiy e`tibor qaratildi.
– Osmonimizning tinchligi va musaffoligini saqlash, jamiyatdagi o`zaro totuvlik, mehr-oqibat, hamjihatlik muhitini mustahkamlash har bir yurtdoshimizning tafakkuri, ma`naviyatiga bevosita bog`liq, – deydi tanlov g`olibi, Jondor tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o`rta ta`lim maktab-internatining o`qituvchisi Muharram Kamolova. – Bugungi kunda yoshlar ma`naviyati, ta`lim-tarbiyasi, dunyoqarashini to`g`ri shakllantirish ma`naviyat targ`ibotchilari zimmasidagi asosiy vazifalardan sanaladi. Bularning barchasi bizni doimo sezgirlik, hushyorlik va ogohlik bilan faol ish olib borishga undaydi.
Tadbirda «Yilning eng faol ma`naviyat targ`ibotchisi» respublika ko`rik-tanlovining turli yo`nalishlar bo`yicha g`oliblariga sovrinlar topshirildi. 

    Boshqa yangiliklar