AsosiyJamiyat

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan yuk deklarasiyasidan "tushib" qolgan tovarlar fosh etildi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining axborot xizmati bergan ma`lumotga ko`ra, boshqarmaning “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari o`tkazgan ko`riklar davomida yuk deklarasiyasidan “tushib” qolgan bir necha turdagi tovarlar aniqlandi, deya xabar bermoqda uz24.uz.

Jumladan, poytaxtimizdagi “R.T.S.P” MChJ tomonidan Xitoydan keltirilgan traktor ehtiyot qismlari yuk-kuzatuv hujjatlarida qayd etilganiga nisbatan salkam 14,5 tonna og`ir ekanligi, mazkur ortiqcha ehtiyot qismlarning umumiy qiymati 75 mln. so`mni tashkil qilishi ma`lum bo`ldi.

Shuningdek, post xodimlari tomonidan “G.D.B.” MChJga tegishli xo`jalik tovarlari ko`zdan kechirilganda, mazkur tashkilot Birlashgan Arab amirliklaridan 32 mln. so`m qiymatdagi 7,5 ming donaga yaqin xo`jalik buyumlarini ortiqcha olib kirgani fosh bo`ldi.

Xususiy tadbirkor A.R. nomiga Xitoydan keltirilgan elektr uskunalariga tegishli  yuk-kuzatuv hujjatlari va bojxona yuk deklarasiyasini rasmiylashtirish chog`ida bojxonachilar hujjatlarda qayd etilgan raqamlarning mavjud tovarlar miqdoriga nisbatan tafovut qilishini payqab qolishdi. Natijada, hujjatlarda ko`rsatilmagan qiymati 13 mln. so`mdan ortiq, salkam 600 dona turli xil xo`jalik mollarining hech qanday bojxona to`lovlarisiz ichki bozorga kiritilishining oldi olindi.

Poytaxtimizdagi “Sirg`ali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan ham shu turdagi qonunbuzarliklarning oldi olindi. Jumladan, “R.T.” MChJ nomiga Xitoydan keltirilgan amortizatorlarning hujjatlariga asoslanilsa, go`yo hammasi risoladagidek. Ammo, ularni bojxona ko`rigidan o`tkazish natijasida  24 mln. so`m qiymatdagi 1,5 tonna og`irliqdagi amortizartorlar hujjatlarda ko`rsatilmagani ravshan bo`ldi.

Temir yo`l konteynerlaridan birini ko`zdan kechirish vaqtida xususiy tadbirkor N.B. nomiga keltirilgan kosmetika vositalari va xo`jalik buyumlari orasiga yuk-kuzatuv hujjatlarida ko`rsatilmagan 550 kg. og`irlikdagi stol lampalarining qanday qilib tushib qolgani hozirda “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan surishtirilmoqda

Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va  surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasining ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 22722- moddasiga binoan bojxona chegarasi orqali olib o`tilayotgan tovarlarni deklarasiyalamaslik yoki noto`g`ri deklarasiyalash, ya`ni tovarlar, ularning bojxona rejimi va boshqalar haqida bojxona maqsadlari uchun zarur bo`lgan, belgilangan yozma, og`zaki yoki boshqa shakldagi ma`lumotlarni bermaslik yoxud noto`g`ri ma`lumotlar berish, agar jinoyat alomatlari bo`lmasa, fuqarolarga tovarlarini musodara qilib, eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Noto`g`ri ma`lumotlarni ko`rsatish, bu ma`lumotlar O`zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o`tish, ularni talab etilayotgan bojxona rejimiga joylashtirish, bojxona to`lovlari miqdori to`g`risida bojxona organi tomonidan qaror qabul qilinishiga ta`sir etmagan bo`lsa, fuqarolarga eng kam ish haqining 3 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar