AsosiyJamiyat

Ertaga O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n oltinchi yalpi majlisi o`z ishini boshlaydi

13 noyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n oltinchi yalpi majlisi ochiladi, deya xabar bermoqda O`zA Senat axborot xizmati ma`lumotiga tayangan holda.
12 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Unda ishchi guruh rahbarining bo`lajak yalpi majlisni o`tkazishga tayyorgarlik to`g`risidagi axboroti tinglandi.
Senat qo`mitalarining raislari qo`mitalarning majlislari o`tkazilganligi to`g`risida va o`n oltinchi yalpi majlis muhokamasiga kiritilayotgan qonunlar yuzasidan xulosalar hamda boshqa masalalar bo`yicha qarorlar loyihalari tayyorligi haqida axborot berdilar, majlis ishini tashkil etish xususida o`zaro fikr almashdilar.
Senatorlar O`zbekiston Respublikasining 2015 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg`armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari, shuningdek, 2015 yilda ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta`minlash dasturining ko`rib chiqilishi hamda tasdiqlanishining dolzarbligi va ahamiyatini alohida ta`kidlab o`tdilar.
Kengash a`zolari Senatning yalpi majlisi muhokamasiga kiritilayotgan, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini izchil isloh qilish hamda liberallashtirishga, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishga qaratilgan O`zbekiston Respublikasi qonunlarining muhimligini ham qayd etdilar. Bular «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida»gi, «Investisiya faoliyati to`g`risida»gi (yangi tahriri), «Soliq va byudjet siyosatining 2015 yilga mo`ljallangan asosiy yo`nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi, «O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunlaridir.
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.
Muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. 
 

    Boshqa yangiliklar