Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumanida istiqomat qiluvchi ichkilikka ruju qo`ygan Ahmad (ismlar o`zgartirilgan) xotini azonda turib bozorga ketgach, bir kun avvalgi ulfatchilikdan keyingi bosh og`rig`idan qiynalib ko`chaga chiqdi. Bu haqda O`zbekiston Ichki ishlar vazirligining «Postda» gazetasi xabar bermoqda.
Ichkilikka pul topish maqsadida chiqqan Ahmad oldidan hali voyaga etib-etmagan 3—4 nafar yigitcha o`tib qoldi. Ahmad ularni qing`ir ishga undamoqchi bo`lib, yigitchalar yo`lini to`sdi va ularga oson pul topish usulini o`rgatishini aytib, uyiga olib kirdi.
«Yigitchilikda qimor-pimor ham o`ynab turish kerak», — deya Ahmad o`smirlarni qiziqtirib, o`zi chetdan kuzatib o`tirdi. O`yin tugagach, yigitchalarning har biridan uy haqi uchun besh ming so`mdan so`radi. Shundan so`ng, Ahmad eng ko`p pul yutib olgan o`smirga ertadan boshlab boshqa bolalarni ham olib kelaverishni, ko`proq odam kelsa, yigitchaning o`zidan «cho`tal» olmasligini aytdi.
Ertasidan Ahmadning uyiga bir necha nafar yigit kela boshladi. Ammo ularning xursandchiligi uzoqqa cho`zilmadi.
Voqeadan xabar topgan IIB tergov-tezkor guruhi xodimlari jinoyatchilarni ashyoviy dalillar bilan qo`lga oldi.





