Prezident Shavkat Mirziyoev Yangier shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan ammiak va karbamid zavodi qurilish maydonida bo`ldi.
Mamlakatimizda qishloq xo`jaligini diversifikasiya qilish, mahsulot etishtirishni ko`paytirish va eksport qilishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bu erning unumdorligini oshirish, mineral o`g`itlar ishlab chiqarishni talab etmoqda.
Shu bois «O`zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Samsung Engineering» kompaniyasi bilan hamkorlikda ammiak va karbamid zavodi qurish rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 600 million AQSh dollari bo`lgan mazkur zavodda yiliga 400 ming tonna ammiak, 660 ming tonna karbamid ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi. AQSh va Yaponiyadan eng zamonaviy texnologiyalar keltirib o`rnatiladi, «nou-xau»lar qo`llaniladi. 500 doimiy ish o`rni yaratiladi.
Zavod qurilishi uchun juda qulay joy tanlangan. Bu erda tabiiy gaz manbai, elektr va suv ta`minoti tarmoqlari, avtomobil va temir yo`llar bor.

— Sirdaryodagidek qulay infratuzilma hech qaerda yo`q. Bunday imkoniyat zavodni qurish va barqaror ishlatishda qo`l keladi, investorlarning qiziqishini oshiradi. Bu juda rentabelli, istiqbolli loyiha, — dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbariga bo`lajak korxonaning iqtisodiy samaradorligi, qurilish ishlari jadvali haqida ma`lumot berildi. Prezidentimiz zavod mahsulotlari ichki talabni qondirish va tashqi bozorlarga chiqishda muhim o`rin tutishini ta`kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






