2019 yilning 19 fevral kuni soat 14.34da Toshkent shahar IIBB Yong`in xavfsizligi boshqarmasi Yong`inni o`chirish kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga Toshkent shahar Uchtepa tumani «Ko`rkam Obod» mahallasi, Nashriyot ko`chasida joylashgan uylarda yong`in sodir bo`layotganligi haqida xabar kelib tushgan. IIV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo`linmasi ma`lum qildi.
Xabar asosida zudlikda 6 ta yong`in o`chirish ekipajlari jalb etilgan. Bo`linmalar soat 14.39 da voqea joyiga etib kelib, yong`in soat 15.17da to`liq bartaraf etilgan.
Yong`in oqibatida Nashriyot ko`chasida joylashgan 99-B uyning 110 kv.metr maydonida va 99-V uyning 90 kv.metr maydonida tomi, shift qismi va ichki jihozlari yonib zararlangan.
Tan jarohati olganlar yo`q. Ko`rilgan tezkor harakatlar natijasida yong`indan uylarning 250 kv.metr maydoni saqlab qolingan.
Yong`in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Yong`in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






