Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona chegaralari orqali olib o`tilayotgan tovar-moddiy boyliklarini bojxona nazoratidan yashirib hamda bojxona rasmiylashtiruvi bo`yicha hujjatlarga ma`lumotlarni noto`g`ri kiritish orqali olib kirishga urinish holatlariga o`z vaqtida chek qo`yish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu turdagi qonunbuzarlik holatlarining oldi olinmoqda.
Jumladan, “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkor nomiga xorijdan keltirilgan “Sovutgichlar uchun izolyasion material” bojxona ko`rigidan o`tkazilganda bojxona yuk deklarasiyasida hamda yo`l yuk kuzatuv hujjatlarida ko`rsatilgan tovarlardan ortiqcha vazni salkam 900 kg bo`lgan 141 rulon “Sovutgichlar uchun izolyasion material” hamda hujjatlarda ko`rsatilmagan 100 metr sovutgich trubasi uchun himoya vositasi borligi ma`lum bo`ldi. Bojxona yuk deklarasiyasidan “tushib” qolgan mazkur ortiqcha tovarlarning umumiy qiymati 30 million so`mni tashkil qilar ekan.
Shuningdek, “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan xorijdan fuqaro Yu.B. nomiga keltirilgan “Soch uchun xina” tovari bojxona yuk deklarasiyasi va yuk kuzatuv hujjatlari asosida bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, hujjatlarda ko`rsatilganidan ortiqcha umumiy qiymati salkam 53,5 million so`mlik 35 ming 640 dona “soch uchun xina” tovari borligi aniqlandi.
Yana bir holatda “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan xorijdan yakka tartibdagi tadbirkor M.G. nomiga kelgan “Avto ehtiyot qismlari” tovarlari bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, yo`l hujjatlarida ko`rsatilmagan umumiy qiymati 24,7 million so`mlik og`irligi salkam 700 kg ni tashkil etgan 5 turdagi avtomobil ehtiyot qismlari borligi ma`lum bo`ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






