Ayni paytda O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi delegasiyasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan “O`zbekistonda zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan ishlash uchun tibbiy va texnik xodimlarning malakasini oshirish” loyihasida ishtirok etmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yilning yanvar oyida Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi mamlakatimiz tashqi siyosatida muhim voqealardan biri bo`ldi. Tashrif chog`ida turli sohalarda kelishuvlarga erishildi. O`zbekiston va Germaniya 8 milliard evrodan ortiq bo`lgan qo`shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingani diqqatga sazovor. Ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanib borayotgani sog`liqni saqlash sohasidagi aloqalarning izchil rivojlanishiga ham zamin yaratmoqda.
Ma`lumki, sifatli tibbiy xizmatlarga bo`lgan talabning ortib borayotganini hisobga olgan holda yurtimizda tibbiyotning zamonaviy, ilg`or texnologiyalarini joriy etishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ammo yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar mavjudligiga qaramasdan, sohada malakali mutaxassislarning etishmasligi ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Shu bois, tibbiyot uchun zamonaviy texnologiyalarni xarid qilish bilan birgalikda, ularni samarali qo`llay oladigan mutaxassislarni ham o`z vaqtida tayyorlash muhim hisoblanadi.
Qayd etish joizki, Germaniyalik xalqaro hamkorlik jamiyati va O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining qo`shma loyihasi zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish bo`yicha mamlakatimiz tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. O`tgan davrda loyiha doirasida O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimida ishlayotgan 2500 dan ortiq tibbiyot va texnik mutaxassislar tayyorlandi.

19 fevral kuni Gamburg shahrida loyiha ishchi guruhi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston delegasiyasi tomonidan “2019 — 2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzusida taqdimot o`tkazdi. So`zga chiqqanlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni bilan “2019 — 2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlangani hamda shu asosda mamlakat sog`liqni saqlash tizimini boshqarish va moliyalashtirishning butunlay yangi tizimiga o`tkazilayotganini ta`kidlashdi.
Shuningdek, taqdimotda shoshilinch tibbiy yordam xizmatini yanada takomillashtirish, O`zbekiston sog`liqni saqlash sohasiga yuqori texnologiyalarni sotib olish bo`yicha shartnomalarni tayyorlash yuzasidan ko`rilgan chora-tadbirlar haqida so`z yuritildi. Bundan tashqari, mutaxassislarimiz Germaniya tibbiyot modelini o`rganish orqali O`zbekistonda sohani yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirishda ikki mamlakat mutaxassislari hamkorligini yanada jadallashtirish lozimligini ta`kidladilar.
Sog`likni saqlash vazirlining axborot xizmati xabariga ko`ra, 27 fevralga qadar davom etadigan tashrif davomida delegasiya a`zolari Germaniya sog`liqni saqlash tizimida moliyalashtirish masalalari va boshqarish usullari, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni boshqarish tamoyillari bilan yaqindan tanishadilar.
Bundan tashqari, mamlakatning etakchi tibbiyot muassasalarini, tibbiy ta`lim va xizmat ko`rsatish sohasidagi tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuvlar o`tkazish rejalashtirilgan.






