Prezident Shavkat Mirziyoev Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga tashrif buyurib, Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Mirzacho`l tajribasi» asosida Xovos shaharchasining yangi markazi bunyod etilishi rejalashtirilgan. M-39 avtomobil yo`li bo`yidagi 42 gektar hududda kompleks qurilish ishlari loyihalashtirilgan. Unga muvofiq, bu erda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turar joylar, maktablar, istirohat bog`i, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quriladi. Yo`l infratuzilmasi rivojlantirilib, aholi va transportlar uchun qulayliklar yaratiladi.
Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta ko`p qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Endi har yili yangi ko`p qavatli uylar barpo etilib, aholining ijtimoiy sharoitlari bosqichma-bosqich yaxshilanib boradi. Oilaviy sharoiti yaxshilangan insonning umidi, ertangi kunga ishonchi ham ezgu bo`ladi.
Shuningdek, «O`zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sirdaryo viloyatida 32 ta tikuvchilik majmualari tashkil etish rejalashtirilgan. Bu sexlar asosan kam ta`minlangan va nogironligi bo`lgan xotin-qizlarga mo`ljallangan bo`lib, jami 4 ming 200 dan ortiq ish o`rni yaratiladi.

Prezidentimiz shu erda xovoslik nuroniylar, mahalla faollari va yoshlar bilan suhbatlashdi.






