2019 yil 1 apreldan boshlab haydovchilik guvohnomalarini almashtirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tartibda murojaat etish mumkin.
1 apreldan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun ariza topshirish mumkin. Bu O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov va Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning 2019 yil 13 fevralda imzolagan «Davlat xizmatlari markazlari orqali tajriba tariqasida ko`rsatilayotgan yo`l harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim xizmatlarni takomillashtirish to`g`risida»gi qarorda ko`zda tutilgan.
Qo`shma qarorga asosan, endilikda fuqarolar joriy yilning 1 aprelidan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tartibda haydovchilik guvohnomalarini almashtirish uchun murojaat etishlari mumkinligi, bunda ularning fotosuratlari Ichki ishlar vazirligining ma`lumotlar bazasidan avtomatlashtirilgan tizim orqali olinishi (mazkur fotosurat murojaatchini qoniqtirmagan taqdirda, o`zi kelgan holda fotosuratga tushishi mumkin) ko`rsatilgan.
Yangilik butun respublika bo`yicha joriy etiladi. Xizmatdan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazi orqali taqdim etiladigan elektron raqamli imzo talab qilinadi.
Kiritilgan ma`lumotlar tekshirilganidan so`ng davlat bojini to`lash uchun kvitansiya tayyorlanadi. Tayyor hujjatni davlat xizmatlari markazidan olish mumkin.
Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi va Ichki ishlar vazirligi Yul harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga xorijiy tajribani chuqur o`rgangan holda avtomototransport vositalarini davlat ro`yxatidan o`tkazish davlat xizmatini ko`rsatishning soddalashtirilgan hamda avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish vazifasi yuklatilgan.
Eslatib o`tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi 116-son qaroriga muvofiq, amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish 2019 yil 1 yanvar — 2020 yil 31 dekabr davrida — eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari uchun, ularning berilgan sanasidan qat`i nazar — majburiy tartibda amalga oshirilishi hamda 2021 yil 1 yanvardan eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emasligi belgilangan.
Davlat xizmatlari markazlari orqali milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirish davlat xizmati 2021 yilning 1 yanvariga qadar soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Mazkur davlat xizmatidan foydalanish uchun fuqarolarimiz pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni, shuningdek EKOIHning 70 foizi miqdorida to`lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari talab etiladi.






