“Keles” temir yo`l chegara bojxona posti hamda Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari “Ufa-Toshkent” yo`nalishida kirib kelgan xalqaro poezd yo`lovchilaridan biriga tegishli bo`lgan umumiy qiymati 64,1 million so`mni tashkil qiluvchi 140 turdagi 985 dona parfyumeriya mollari, 121 dona ayollar gigienik vositalari, shuningdek, quruq choy, konfet va bolalar ozuqalarini tijorat maqsadida deklarasiyalamagan holda olib o`tishga uringan vaqtida to`xtatib qolindi.
Yana bir holatda, “Novosibirsk-Toshkent” xalkaro yo`lovchi poezdining yo`lovchilaridan biri 5 turdagi 460 dona jarrohlik operasiyalarida ishlatiladigan tibbiyot vositalari, 5521 dona biologik faol qo`shimchalar, parfyumeriya va kosmetika vositalari, suvenirlar hamda maishiy texnika buyumlarini bojxona nazoratidan yashirib olib kelayotganligi ma`lum bo`ldi. Aniqlangan tovarlarning umumiy qiymati 1,9 milliard so`mni tashkil etdi.
“Moskva-Andijon” xalqaro yo`lovchi poezdining yo`lovchilari S.X. va A.Q. esa umumiy qiymati 72,6 million so`mlik 19 ming 200 dona mobil telefoni uchun sim kartalar, 10 dona rasiyalar va boshqa tovarlarni vagonning ko`z ilg`amas joylariga yashirgan holda olib o`tishga bo`lgan urinishi aniqlandi.
“Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan ham bojxona qonunlarini buzilish holati o`z vaqtida aniqlandi. Ya`ni xorijdan fuqarolar M.A., D.T., M.Sh., M.D. nomiga keltirilgan pochta jo`natmalari bojxona nazoratidan o`tkazilganda “CN23” shakldagi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan umumiy qiymati salkam 250 million so`mlik 1518 dona turli xil stomatologik uskunalar borligi ma`lum bo`ldi.
Hozirda mazkur holatlar bo`yicha yuzasidan bojxona tekshiruvi harakatlari davom ettirilmoqda.






