Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida talabalarining innovasion g`oyalarini qo`llab-quvvatlash va tadbirkorlik ko`nikmalarini shakllantirish maqsadida “Big Idea Challenge” ko`rik tanlovining ikkinchi bosqichi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Britaniya Kengashi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi elchixonasi va London metropoliten universiteti hamkorligida tashkil etilgan loyihani o`tkazishdan ko`zlangan asosiy maqsad mamlakatimizdagi oliy ta`lim muassasalari talabalarining Buyuk Britaniyada tashkil etiladigan innovasiya va tashabbuskorlik ko`rik-tanlovlarida ishtirok etishiga yordam beradi.

Mazkur tanlov innovasion va barqaror biznesini yaratish bo`yicha aniq va yangi g`oyalarga ega bo`lgan yoshlarga malakali mutaxassislar bilan tajriba almashish imkoniyatini beradi. Ishtirokchilar o`zlari yashaydigan hududda aholiga foyda keltiradigan innovasion loyihalar bilan ishtirok etishi lozim. Mamlakatimiz hududi bilan bog`liq bo`lgan masalalar va ehtiyojlarga ijtimoiy, atrof-muhit hamda jamiyatga foydali bo`lgan g`oyalar orqali o`z echimini topish kerak.
– Hozir London metropoliten universiteti tashkil etgan ushbu loyiha ommalashgan bo`lib, startap va innovasion g`oyalarni qo`llab-quvvatlaydigan yagona dastur sanaladi, – deydi Birlashgan Qirollik elchisi Kristofer Allan. – Ushbu universitetning startap akseleratori Evropa mintaqasida eng yirik hisoblanib, o`tgan yillar mobaynida umumiy daromadi 21 million funt sterlingni tashkil etdi. Bu orqali 170 dan ortiq yangi ish o`rni yaratilib, 14,2 million funt sterling sarmoyasiga ega bo`lgan loyihalar amalga oshirildi.

O`zbekistondan 2019 yilning 1 fevraliga qadar ko`rik-tanlovda ishtirok etish uchun 230 ga yaqin loyiha topshirildi. London metropoliten universiteti mutaxassislari ular orasidan 23 loyihani ikkinchi bosqichga saralab oldi. Mualliflar o`z ko`nikmalarini rivojlantirib, tanlovning keyingi bosqichlariga tayyorlanadi.






