AsosiyJamiyat

Chexiyada vatandoshlarimiz O`zbekistonning turizm salohiyatini targ`ib qilishmoqda

'Chexiyada vatandoshlarimiz O`zbekistonning turizm salohiyatini targ`ib qilishmoqda'ning rasmi

Praga shahrida taksi xizmati ko`rsatuvchi hamda o`z shaxsiy avtomashinalari mavjud vatandoshlarimiz O`zbekistonning turizm brendi va aloqa ma`lumotlari tushirilgan yorliqlarni avtomashinalariga o`rnatdi.

Hozirgi kunga qadar ellikdan ortiq avtomashinalarga bu kabi targ`ibot materiallari joylashtirilib, taksi xizmati ko`rsatish bilan shug`ullanuvchi vatandoshlarimiz mijozlarga O`zbekistonning turizm imkoniyatlarini targ`ib qiluvchi tarqatma materiallar taqdim etilmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Chexiyadagi vatandoshlarimiz O`zbekistonning turizm salohiyatini targ`ib qilish borasida yana bir qator taklif bermoqda.

– Chexiyada transport sohasida, jumladan taksi xizmati ko`rsatish bilan shug`ullanaman, – deydi tadbirkor Jonibek Toirov. – Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakillari O`zbekistonning turizm salohiyatini targ`ib qilish bo`yicha taklif bildirishganda imkoniyatlarimizni o`rganib chiqdik. Targ`ibot ishlarimiz orqali Vatanimizga foydamiz tegsa xursand bo`lamiz.

– Chexiyada tahsil olmoqdaman, – deydi Davlatshoh Sulaymonov. – Shaxsiy avtomashinamga O`zbekistonning turizm brendi tushirilgan yorliqlarni yopishtirib o`zimda alohida g`urur tuydim. O`qishda kursdoshlarimiz va professor-o`qituvchilarga targ`ibot materiallarini tarqatyapmiz. Ular menga O`zbekiston haqida juda ko`p savollar beradi. Imkon boricha ko`proq ma`lumot berishga harakat qilyapman. Chexiyaga vizasiz rejim joriy etilganligi ularni juda xursand qilmoqda.

    Boshqa yangiliklar