AsosiyJamiyat

"O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi Bangkokdagi sayyohlik ko`rgazmasida ishtirok etdi

'"O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi Bangkokdagi sayyohlik ko`rgazmasida ishtirok etdi'ning rasmi

Tailandning Bangkok shahrida 13-17 fevral kunlari an`anaviy "Thai International Travel Fair" (TITF-2019) xalqaro sayyohlik ko`rgazmasi bo`lib o`tdi.

"Queen Sitikit" ko`rgazmalar zalida Evropa, Osiyo va Okeaniya mamlakatlaridan kelgan 1,1 mingdan ziyod kompaniya, sayyohlik tashkilotlari va agentliklar, aviatashuvchilar, mehmonxona sohasidagi tashkilotlar o`z mahsulotlarini namoyish etdi.

"O`zbekiston havo yo`llari" milliy aviakompaniyasi "TITF-2019"da aviakompaniyaning yo`lovchi tashuvlarini sotish bo`yicha ishonchli agentlari - "Thai Air Servise" va "Travellers Design Club" kompaniyalari bilan birgalikda ishtirok etdi.

Aviakompaniya matbuot xizmatidan ma`lum qilishicha, "O`zbekiston havo yo`llari" stendi milliy uslubda bezatilgan bo`lib, unga tashrif buyuruvchilar kompaniyaning imkoniyatlari, xizmatlari, tashuv tariflari va boshqalar haqida to`liq ma`lumotga ega bo`ldi.

Unda ilk bora mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini aks ettirgan, agentlar homiyligida tay tilida chop etilgan "O`zbekistonga tashrif buyurishga 10 sabab" kitobi taqdimoti o`tkazildi.

Tadbir davomida taniqli san`atkorlarning chiqishlari tashkil etildi. Mehmonlar, ishtirokchilar va ko`rgazmaga tashrif buyuruvchilar milliy raqslar jozibasi hamda o`zbek folklorining rang-barangligi va go`zalligidan bahramand bo`ldi.

Ta`kidlash joizki, "O`zbekiston havo yo`llari" stendi Tailand sayyohlik sohasi vakillari va ko`rgazma mehmonlari e`tiboriga sazovor bo`ldi. Ko`rgazmaning birinchi kunidayoq 300 dan ortiq yo`lovchilar uchun O`zbekiston, Rossiya Federasiyasi va Turkiya yo`nalishlarida bir necha guruh sayyohlik turlari tashkil etildi.

    Boshqa yangiliklar