Samarqand viloyati hokimligida shahardagi qurilish muammolariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda Zarnews.uz nashri.
Yig`ilish davomida hokim to`planganlarni Samarqand shahridagi qurilishlar bo`yicha respublika prokuraturasi ishchi guruhi taqdim etgan ma`lumotnoma bilan tanishtirdi.
Ma`lum bo`lishicha, viloyat markazidagi 141 ta ob`ektda er ajratish, qurilish tartib-qoidasi va texnologiyalari buzilgan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga mutaxassislar bilan bir qatorda keng jamoatchilikni jalb etishga kelishib olindi. Shu sababli yig`ilishga hokimlik mutasaddilari, arxitektorlar, quruvchilar, shuningdek, deputatlar, OAV xodimlari, faol ziyolilar taklif etildi.
- Qurilishdagi pinhona kelishuvlar, hujjatlardagi soxtaliklar, tender tanlovlarining yopiqligi sohadagi qonun buzilishlari hamda korrupsiyaga yo`l ochgan, - dedi E.Turdimov. - Ayniqsa, qadimiy shahardagi ayrim tarixiy meros ob`ektlariga zarar etgan. Bu holat YuNESKO ma`muriyatining e`tiroziga sabab bo`lgan.
“Bundan keyin viloyatda, xususan, er ustidagi ochiq muzey deb tan olingan Samarqand shahridagi barcha qurilish oshkora amalga oshiriladi. Ob`ektlarning qurilishi, rejalashtirilishida jamoatchilik va aholi fikri hisobga olinadi”, - dedi viloyat hokimi.
Qurilishdan shaxsiy manfaat ko`rish uchun quruvchiga ham, ijro organi rahbarlariga ham, “o`rtakash” tovlamachilarga ham yo`l berilmaydi. Deputatlar, jurnalistlar, umuman, ziyolilardan iborat targ`ibot guruhi aholi o`rtasida hamda OAV orqali yangi ob`ektlar qurilishi bilan bog`liq rejalarni tushuntiradi.
Ayrim mahallalarda eski uylar ko`p, ba`zi mahallalarda kanilizasiya yo`q, hovlilar sel kelishi mumkin bo`lgan suv yo`llarida joylashgan. Tabiiyki, kelgusida bunday manzillarda rejali qurilishlar olib boramiz. Lekin har qanday sharoitda obida va binolar muhofazasi e`tiborda bo`ladi.
Yig`ilishda o`rganilgan ob`ektlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi.






