Joriy yilning ilk oylaridan boshlab Xitoy Xalq Respublikasining ommaviy axborot vositalarida O`zbekistonning turizm salohiyati va milliy mahsulotlarining faol targ`iboti yo`lga qo`yildi.
Xususan, to`rt yuz ming kishidan ortiq a`zosi bo`lgan weixin.qq.com saytida O`zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan o`zgarishlarga bag`ishlangan “O`zbekistonga vizalar yana soddalashtirildi! e-vizaning bir nechta turlari joriy etildi!” nomli maqola chop etildi.
Maqolada, soddalashtirilgan viza olish tartibi joriy etilgani va yurtimiz xavfsiz mamlakat sifatida e`tirof etilgani sayyohlar oqimining ortishiga sabab bo`layotgani haqida so`z boradi.
Shuningdek, xabarda O`zbekiston elektron vizasiga murojaat etish tartibi va arizani qanday to`ldirish kerakligi hamda qaysi mamlakat fuqarolari vizasiz kirishi mumkinligi bo`yicha ham batafsil ma`lumotlar keltiriladi.
Mazkur nashrda kelgusida yana “O`zbekiston, bir makon - bir yo`l konsepsiyasi”, “Samarqand vaqtini his eting”, “O`zbekiston poytaxti Toshkent” kabi bir qator maqolalar chop etilishi rejalashtirilgan.






