Kecha Toshkent shahar hokimligida poytaxtning dolzarb muammolariga bag`ishlangan “Bugun - qurilish, ertga – tarix” mavzusida yig`ilish bo`lib o`tdi.
Unda Jahongir Ortiqxo`jaev shaharda yangi uylar qurilishi davomida hokimiyat duch kelayotgan eng katta muammolarni aytib o`tdi:
– Uylari buzilish rejasiga tushgan aholining 60 foizi berilgan kompensasiyani olib, boshqa joyga ko`chib ketishga rozi, biroq qolganlari o`z uyidan ko`chib ketishni istamaydi, – dedi Jahongir Ortiqxo`jaev. – Vaholanki, biz ularning har biriga hozirgi yashab turgan joyidan ham yaxshiroq joyni taklif qilib chiqayapmiz. Maqsadimiz aholini rozi qilish. Fuqarolarimiz poytaxtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni to`g`ri tushunishini istardik.
Majlisda xabar berilishiga ko`ra, bugun poytaxtda 750 mingta oila yashaydi. Ulardan 150 mingtasining uyga ehtiyoji bor. Shuni hisobga olgan holda Toshkentda 2019 yilda 20 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.






