Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasining “Daut-ata” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan sifati kafolatlanmagan bioaktiv qo`shimchalar va dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga o`z vaqtida chek qo`yilmoqda.
Jumladan, mamlakatimizga o`zining “kaptiva” rusumli avtomashinasida kirib kelgan fuqaro M.A. belgilangan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazildi. Natijada, uning avtomashinasidan bojxona xodimlariga ma`lum qilinmagan va deklarasiyada ko`rsatilmagan 25 million so`mlik bioaktiv qo`shimchalar borligi aniqlandi.
Shuningdek, fuqaro Yu.B. ning ham tuzgan rejasini bojxonachilar puchga chiqardi. Fuqaroning avtomashinasi bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, salkam 48 million so`mlik bioaktiv qo`shimchalarni mamlakatimizga yashirin tarzda olib kirishga urinishi fosh etildi.
“Volgograd-Toshkent” yo`lovchi poezdi bojxona nazoratidan o`tkazilganida esa, vagonlardan birining plafoni orqasiga yashirilgan 15 million 230 ming so`mlik turli xil dori vositalari borligi aniqlandi.
Olingan ashyoviy dalillarning umumiy qiymati 88 million so`mni tashkil qildi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.






