Istiqlol yillarida mamlakatimizda soliq yukining yil sayin engillashtirilayotgani va xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga berilayotgan ko`plab imtiyozlar samarasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik etakchi sohalardan biriga aylandi. Yaratilayotgan keng imkoniyat va qulayliklar bu borada muhim omil bo`lib xizmat qilmoqda.
Mikrofirmalar va kichik korxonalar, ya`ni sanoat sohasidagi korxonalar uchun yagona soliq to`lovining stavkasi 5 foizga kamaytirilishi hisobidan soliq to`lovchilar ixtiyorida qoladigan mablag`lar tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda ularning moddiy bazasini takomillashtirishga hamda yangi ish o`rinlari yaratishga imkon tug`dirmoqda.
Mavjud imtiyoz va qulayliklardan foydalanib Uzun tumanidagi «Kavsar Madad» xususiy korxonasi «O`zsanoatqurilishbank» Termiz mintaqaviy filialidan 300 million. so`m miqdorida uzoq muddatli kredit mablag`i olgan edi. Korxona bu mablag`ga xorijdan shifer ishlab chiqarishga mo`ljallangan texnologiyani olib kelib o`rnatdi. Ayni paytda zamonaviy texnologiya asosida shifer ishlab chiqarish yo`lga qo`yilib, joriy yilning shu davriga qadar 1 milliard 252 million so`mlik shifer mahsuloti ishlab chiqarildi. Sof foyda esa 150 million so`mni tashkil qildi.
Ta`kidlash joizki, mazkur korxonaga 12 million so`mlik soliq imtiyozlari qo`llanildi. Soliq imtiyozlari hisobidan tejalgan moliyaviy zaxirasi hisobidan yangi texnologiyalarni olib kelib o`rnatish rejalashtirilmoqda. Albatta, tadbirkorlik sub`ektlariga berilayotgan soliq imtiyozlari joylarda yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etish, shuningdek, ishlab chiqarish imkoniyatini yanada kengayishiga qulaylik tug`dirmoqda.
manba:soliq.uz





