Moskvaning “Pokrovskiy” istirohat bog`ida bo`lib o`tgan festival “Dam olish kunlari bir stol atrofida” mavzusiga bag`ishlandi. Unda O`zbekistonning boy madaniyati, san`ati va an`analari alohida taqdim etildi.
O`zbekistonning Rossiya Federasiyasidagi elchixonasi ushbu festival tashabbuskori bo`ldi, Moskva shahri Madaniyat departamenti va Moskvadagi “Mayak” Madaniyat uyi uning tashkilotchilariga aylandi. Tadbirda o`zbek milliy liboslari, raqslari, qo`shiqlari taqdim etildi, turli milliy hunarmandchilik yo`nalishlari bo`yicha mahorat darslari o`tkazildi. O`zbek milliy taomlari festivali ham shular jumlasiga kiradi.
Tadbir davomida hozirgi O`zbekiston hududida ming yillardan buyon turli millatlar va elatlar vakillari birga yashab kelayotgani qayd etildi. Hozir ham respublikamiz o`zining ko`p millatliligi va tinchliksevarligi bilan ajralib turadi. O`zbek madaniyati Sharqdagi eng yorqin va o`ziga xos madaniyatlardan biri ekanligi ta`kidlandi.
Ob-havo salqin bo`lishiga qaramasdan, festivalga juda ko`p odam tashrif buyurdi, deya xabar beradi “O`zbekturizm” MK.
manba: anhor.uz





