AsosiyJamiyat

O`zbekistonda zardushtiylarning hosildorlik ma`budasini tasvirlovchi haykalcha topildi

Arxeologiya ishqibozlari Sirdaryo viloyatidagi “Eski xovos” qadimiy shahrini qazish ishlari davomida uch mingdan ziyod qadimiy osori-atiqalarni topdi. Arxeologiya ishqibozlarining to`garagi bu yil Sirdaryo viloyat o`lkashunoslik muzeyi va Guliston davlat universiteti mutaxassislarining tashabbusi bilan tashkil etildi.
“To`garak jonajon o`lkamiz tarixini o`rganish darajasini oshirish va to`plamlarni arxeologik topilmalar bilan boyitish uchun tashkil etildi. To`garak a`zolarining ishtiyoqi viloyat hududida joylashgan 139 ta arxeologik yodgorlikni o`rganishga yordam beradi. Ish professional darajada borishi uchun 2020 yilgacha O`zbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti bilan hamkorlik to`g`risida shartnoma tuzildi”, - deydi muzey direktori va loyiha tashabbuskori Zokira Xoldorova “UT” muxbiriga.
Dastavval Sirdaryo viloyatidagi eng mashhur arxeologik yodgorlik – qadimiy Eski Xovos shahrida qazish ishlarini olib borishga qaror qilindi. Ekspedisiya muvaffaqiyatli bo`lib chiqdi. To`rt oy mobaynida arxeologiya ishqibozlari uch mingdan ziyod qadimiy osori-atiqalarni topdi, ularning bir qismi hozir muzeyda restavrasiya qilinmoqda.
Topilmalar orasida qimmatbaho buyumlar ham bor. Xususan, eramizning II-III asrlariga mansub zardushtiylarning Anaxita hosildorlik ma`budasining haykalchasi shular sirasidandir. Eramizning XII asriga mansub chiroq tutqichidagi afsonaviy Xumo qushining tasviri esa o`zbekiston hududida topilgan eng qadimiy tasvirlardan biridir.
Ayni paytda “Eski xovos” arxeologik yodgorligida qazish ishlari davom etmoqda.  

    Boshqa yangiliklar