Jahon banki Ebola bezgagi epidemiyasining tarqalishiga qarshi kurashish uchun 100 million dollar ajratganini ma`lum qildi, deb xabar bermoqda TASS.
Ushbu mablag` Ebola virusi keltirib chiqargan epidemiya tobora kengayib borayotgan G`arbiy Afrikaga jo`natiladigan tibbiyot xodimlarini to`plashga sarflanishi ko`zda tutilgan.
«Biz ko`p sonli shifokorlarni to`plash yo`lidagi har qanday to`siqlarni yo`qotishimiz kerak. Umid qilamizki, 100 million dollarlik ushbu mablag` ehtiyoj bor joylarda tibbiy xodimlar sonini keskin ko`paytirish imkonini beradi», − dedi Jahon banki prezidenti Jim Yon Kim.
Eslatib o`tamiz, Jahon banki so`nggi uch oy mobaynida Ebola epidemiyasiga qarshi kurashish uchun 500 million dollardan ko`proq mablag` ajratgan.





