AsosiyDunyo

Rossiyadagi eng boy 200 odamning ikki nafari o`zbeklar ekanligi ma`lum bo`ldi

Forbes jurnali tomonidan e`lon qilingan «Rossiyaning eng boy 200 tadbirkori» reytinginini o`rganib chiqqan Lenta.ru nashri ushbu ro`yxatning milliy tarkibi tahlilini taqdim etdi. Maqoladan reytingdagi millati o`zbek milliarderlar − Alisher Usmonov va Iskandar Mahmudovning mablag`lariga oid qiziqarli ma`lumotlar o`rin olgan.

Umumiy boyligi 481,5 milliard dollarga baholangan ushbu 200 nafar shaxs 22 millat vakillari ekanligi aniqlangan. Reytingdagi eng ko`p boylar ruslar, yahudiylar va ukrainlar bo`lsa, tatarlar, armanlar, tog`lik yahudiylar, ozarlar, ingushlar, chechenlar, osetinlar va o`zbeklarning 2—8 nafardan vakillari bor. Avar, arab, belorus, grek, gruzin, kabardin, qozoq, kurd, lezgin, litva va moldovanlarning bir nafardan vakillari reytingdan joy olgan.

Umumiy mablag`lari bo`yicha ruslar 165 milliard dollar bilan etakchi bo`lsa, yahudiylar 122,3 milliard, ukrainlar 70,4 milliard, o`zbeklar 24,7 milliard va armanlar 21 milliard dollar bilan keyingi o`rinlarda bormoqda.

Ro`yxatdagi har bir millat vakillarining o`rtacha mablag`lari bo`yicha o`zbeklar 12,4 milliard dollar bilan birinchi o`rinni egallagan, lezginlar 6,9 milliard, beloruslar 6,5 milliard, greklar 6 milliard va ozarlar 5,6 milliard dollar bilan keyingi o`rinlarda turibdi.

Eslatib o`tamiz, bir necha yildan buyon Rossiyaning eng boy odami sifatida tan olinayotgan Alisher Usmonovning umumiy boyligi 18,6 milliard dollarga, yana bir asli o`zbekistonlik milliarder Iskandar Mahmudovning mablag`lari 6,1 milliard dollarga baholangan.

    Boshqa yangiliklar