Avtogol desa O`zbek futboli muxlislari ko`z o`ngiga Shoraxmedov va Yo`ldoshevlar keladigan bo`ldi. Biroq bizning bugungi hikoyamiz ular haqida emas. Shundoq ham ushbu ikki himoyachi haqida etarlicha aytildi, gapirildi va yozildi. Biz jahon futbolida o`z avtogollari bilan muxlislar xotirasida saqlanib qolgan futbolchilar haqida so`z yuritamiz.
1995-yili Belgiya chempionatining navbatdagi turida «Jerminal» jamoasi o`z maydonida «Anderlext»ni qabul qiladi. Ushbu o`yin qahramoni mezbonlar himoyachisi Sten ven den Buys bo`ldi. U o`yinda «xet-trik»ka erishadi. Eng qizig`i gollarining barchasini o`z darvozasiga kiritadi. Mehmonlar bironta ham gol urmay turib 3:2 hisobida g`alabaga erishadilar. Ha bunaqa omadni faqat orzu qilish mumkin.
1976-yilda «Aston Villa» - «Lester» o`yinida «Villa»ning Shimoliy Irlandiyalik futbolchisi o`ziga xos «poker»ga erishdi. Ya`ni ikkitasini raqib darvozasiga qolgan ikkitasini esa o`z darvozasiga yo`llaydi. Ajablanarlisi o`yinda undan boshqa hech kim gol ura olmagan.
«Avtogol» urgan futbolchini raqib jamoa muxlislari xush ko`rishadi. Biroq sevimli jamoasining o`yinchisi o`z darvozasini ishg`ol qilib qo`ysa bormi? Ana ko`ring tomoshani. Bunaqa futbolchini muxlislar kechirishi qiyin. Bunga misol tariqasida kolumbiyalik Pablo Eskobarni keltirib o`tishimiz mumkin. Jahon chempionatida AQShga qarshi bellashuvda himoyachi kutilmaganda o`z darvozasini ishg`ol qilib qo`yadi. Uning bu qilmishini kechira olmagan ashaddiy fanatlar uni 10 kundan keyin vahshiylarcha o`ldirib ketishadi. Birgina xato futbolchining hayotiga «nuqta» qo`ygan edi.
Gruziya terma jamoasi sobiq himoyachisi Kaxa Kaladze 2009-yilda Italiyaga qarshi kechgan bellashuvda «avtodubl»ga erishib «Skuadra adzurra»ga g`alabani tuhfa qilgan edi.
Jahon chempionati-2010 oldidan o`tkzilgan o`rtoqlik o`yinlarida Yaponiya termasi ikkita uchrashuvda umumiy hisobda 0:3 hisobida imkoniyatni boy beradi. E`tiborlisi har uchchala gol ham kunchiqar yurt vakillari hisobiga yozilgan.
Angliya Premer ligasining o`tgan mavsumida «Liverpul»ning Slovakiyalik himoyachisi naq to`rtta avtogol kiritib, o`ziga xos antirekord o`rnatishga muvaffaq bo`ldi.
Darvoqe «Oltin to`p»ning ikki karra sohibi hisoblanadigan portugaliyalik Krishtianu Ronaldu ham o`z darvozasini ishg`ol qilib qo`ygan. Ispaniya chempionatida «Granada» mehmoni bo`lgan «Real» minimal hisobda imkoniyatni boy beradi. Qiziq tomoni yagona golni Ronaldu o`z darvozasiga kiritib qo`ygan. Bu voqea, omadsizliklardan hech bir futbolchi himoyalanmaganligiga yana bir isbot bo`la oladi.
Futbol olamida g`aroyib avotogollar ham yo`q emas. Tailand va Indoneziya termalari o`yinida g`olib chiqqan jamoa kuchliroq raqibga duch kelishi ayon bo`lgach, jamoalar mag`lubiyatga uchrash yo`lini izlay boshlaydilar. Hisob 2:2 ko`rinishida yakunlanish arafasida turgan edi. Biroq so`nggi soniyalarda indoneziyalik himoyachi bor mahoratini ishga solib, o`z darvozasini ishg`ol qilishga uringan. Tailandliklar esa bunga qarshilik qilishadi. Biroq himoyachi uddaburon chiqib qoladi va o`z darvozasiga to`pni aniq yo`llab, jamoasiga mag`lubiyatni tuhfa etadi.
P.S: «Inetrfutbol» va «Chempion» gazetalaridagi ma`lumotlar asosida tayyorlandi.
Yusupov Furqat
Manba: www.Furkat.uz
29.10.2014 13:57





