Estoniyada 15 yoshli bola nemis tili o`qituvchisini otib tashladi. Bu vaziyat tafsilotlari va o`quvchining bunday qilishga bo`lgan sabablari o`rganilmoqda. Favqulodda holat Vilyand shahrining «Paalalinna» maktabida sodir bo`lgan, deb xabar bermoqda «Segodnya».
Voqea 27 oktyabr mahalliy vaqt bilan soat ikkilarda bo`lgan. O`q uzgan bola shu maktabning 9-sinf o`quvchisidir. O`q uzilgan vaqtda sinfda yana bir qancha o`quvchi bo`lgan, lekin o`qituvchidan boshqa hech kim jabrlanmagan. «Vesti FM» radiostansiyasi xabariga ko`ra, o`q otgan bola qo`lga olingan.
Estoniya bosh vaziri Taavi Riyvasga bu haqda axborot berilgan. Vazir bo`lgan voqea butun mamlakat aholisini ajablantirganini qayd etdi hamda halok bo`lgan o`qituvchi oilasiga ta`ziya bildirdi: «Biz voqea tafsilotlaridan hali xabardor emasmiz, lekin zo`ravonlik hech qachon to`g`ri qaror bo`lmagan. Bunday hodisalar sodir bo`lishi kerak emas. Hammamiz atrofimizda yordamga muhtoj odamlarni payqashimiz kerak. Bugungi vaziyat – bu haqdagi achinarli eslatma bo`lib qoladi. Men halok bo`lgan o`qituvchi yaqinlari va maktab ma`muriyatiga chuqur ta`ziyamni bildiraman».
Eslatib o`tamiz, 24 oktyabrda amerikalik maktab o`quvchisi o`z sinfdoshlarini otib tashlagan edi. Natijada bir qiz halok bo`lgan, to`rt kishi og`ir jarohatlangan.





