2014 yil may oyida Misrda bo`lib o`tgan «Qo`lda yasalgan o`yinchoqlar» xalqaro bolalar ijodiyoti tanlovida o`zbekistonlik yosh ijodkorlar tomonidan yaratilgan milliy o`yinchoqlar oltin va kumush medallar hamda maxsus sertifikatlarga loyiq topilgan edi. O`zbekiston Badiiy akademiyasida ijod namunalari xalqaro tanlovda g`olib bo`lgan o`quvchi-yoshlarni taqdirlashga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Misr Arab Respublikasida bo`lib o`tgan xalqaro tanlovda o`zbekistonlik yoshlar tomonidan tayyorlangan milliy qo`g`irchoqlar nafisligi, jozibadorligi, tabiiy materiallardan tayyorlanganligi bilan alohida e`tirof etildi.
Respublika dizayn kolleji o`quvchisi Dildora Qayumova, Shahrisabz pedagogika kolleji o`quvchisi Fotima Sobirova tayyorlagan milliy qo`g`irchoqlar oltin medalga sazovor bo`ldi. Qashqadaryo viloyati ixtisoslashtirilgan san`at maktab-internati o`quvchilari Durdona Nurillaeva hamda Marjona Egamovaning ijod namunalari kumush medalga loyiq ko`rildi. Mazkur bilim dargohi o`quvchilari Farangiz Ahadova, Dildora Ibodullaeva, Respublika rassomlik kolleji o`quvchilari Gulmira Temirova, Nozima Shodieva, Gulira`no Shukurova ishlagan milliy o`yinchoqlar maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.
Badiiy akademiyada bo`lib o`tgan tadbirda g`olib va sovrindorlarga medal va sertifikatlar topshirildi.





