2014 yilning 8-16 noyabr kunlari Almati shahri (Qozog`iston)da og`ir atletika bo`yicha kattalar o`rtasida jahon chempionati o`tkaziladi. Mazkur jahon chempionatida 75 davlatdan 683 nafar (404 nafar erkak – 279 nafar xotin-qiz) sportchi g`oliblik uchun kurash olib boradilar.
Bu yilgi jahon chempionatida dunyoning bugungi kundagi eng etakchi atletlari aniqlanishi bilan birga, 2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o`tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o`yinlarining yo`llanmalari uchun dastlabki reyting ochkolar ham o`ynaladi.
Mazkur jahon chempionati Vatanimiz sharafini Adham Ergashev (-56 kg), Doston Yoqubov (-69 kg), Muhammad Begaliev (-85 kg), Ulug`bek Alimov (-85 kg), Sardor Do`stmurodov (-105 kg), Ruslan Nurudinov (-105 kg) va Ivan Evremov (+105 kg) erkaklar o`rtasida o`tkaziladigan musobaqalarda, Mahliyo Tog`aeva (-48 kg), Lola Qodirova (-48 kg), Marina Sisoeva (-53 kg), Farangiz Shomurodova (-58 kg) hamda Manzura Mamasolieva (-69 kg) xotin-qizlar o`rtasidagi musobaqalarda himoya qiladilar.
Ma`lumot uchun. Olimpiada o`yinlari yo`llanmalari 2014 yili Almati (Qozog`iston) va 2015 yili Xyuston (AQSh) shaharlarida o`tkaziladigan jahon chempionalarida qo`lga kiritilgan reyting ochkolar jamlanmasiga ko`ra terma jamoalarga beriladi.
Jumladan, ikki jahon chempionati yakunlariga ko`ra umumjamoa hisobida 1-6 o`rinni egallagan terma jamoalarga 6 ta yo`llanma, 7-12 o`rinlarni band etgan jamoalarga 5 ta yo`llanma, 19-24 o`rinlarni egallagan termalarga 3 ta yo`llanma beriladi. Yo`llanmalar erkaklar va ayollar terma jamoalari uchun alohida-alohida o`ynaladi.
Bundan tashqari 2016 yili Toshkentda o`tkaziladigan Osiyo chempionatida ham Olimpiada o`yinlarining lisenziyalari o`ynaladi. Mazkur musobaqada umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egallagan (erkaklar – ayollar) terma jamoalarga bittadan yo`llanmalar beriladi.
olympic.uz





