O`FF Terma jamoalar markazida terma jamoalar bosh murabbiylari ishtirokida navbatdagi yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda murabbiylar o`tkazilgan yig`inlar va navbatdagi rejalar borasida o`z hisobotlarini topshirishdi.
Dastlab O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov 4-15 oktyabr kunlari BAAda tashkil etilgan yig`in va o`rtoqlik uchrashuvlari borasida, shuningdek, terma jamoaning navbatdagi rejalari haqida o`z hisobotini topshirdi. Milliy terma jamoa bosh murabbiyi o`tkazilgan o`rtoqlik uchrashuvlaridan so`ng terma jamoa asosini tashkil etadigan futbolchilarni tanlanganini aytib o`tdi. Mirjalol Qosimov shuningdek, navbatdagi yig`inlar to`g`ridan-to`g`ri Osiyo Kubogiga tayyorgarlik asosida olib borilishini ta`kidladi.
Mirjalol Qosimov faqatgina ikki futbolchi - Odil Ahmedov hamda Aziz Haydarov terma jamoa yig`iniga dekabr oyining ikkinchi yarmida kelib qo`shilishini ma`lum qildi. Boisi, Odil Ahmedov «Krasnodar» safida Premer-Liga va Evropa Ligasi bahslarida ishtirok etsa, Aziz Haydarov («Ash Shabob») BAA Pro-Ligasi bahslarida maydonga tushadi.
Ta`kidlash lozim, O`zbekiston milliy terma jamoasi 27 noyabr kuni o`zining navbatdagi yig`inini boshlaydi. Shu kuni Toshkentda yig`iladigan milliy terma jamoa a`zolari 2 dekabrgacha poytaxtda shug`ullanadi va shundan so`ng navbatdagi yig`inini o`tkazish uchun BAAga uchib ketadi. Avvalroq xabar berilganidek Qosimov shogirdlari BAAda 2-14 va 16-28 dekabr kunlari ikkita yig`in o`tkazadi. Mazkur yig`in davomida esa milliy terma jamoa 8ta o`rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi rejalashtirilgan.
Mirajol Qosimovdan so`ng O`zbekiston U-22 terma jamoasi bosh murabbiyt Shuhrat Maqsudov terma jamoa rejalari haqida ma`lumot berdi. Maqsudovga ko`ra, O`zbekiston U-22 yoshlar terma jamoasi 10-19 noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida yig`in o`tkazadi. Yig`in davomida esa Albaniya va Slovakiya yoshlar terma jamoalariga qarshi o`rtoqlik-nazorat uchrashuvlari tashkil etiladi. Shuhrat Maqsudov shogirdlari shu tariqa kelasi yilning mart oyida bo`lib o`tishi rejalashtirilgan U-22 yoshlar o`rtasidagi OCh saralash bahslariga tayyorgarlik ko`radi. Ma`lumot o`rnida, U-22 yoshlar o`rtasidagi navbatdagi OCh saralash bahslari o`tkazilish joyi va muddati OFK tomonidan yil oxirida e`lon qilinadi.
O`zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov o`z shogirdlarining Myanmada o`tkazilgan yoshlar o`rtasidagi OChdagi ishtiroki haqida hisobot topshirdi. Haydarovga ko`ra, terma jamoa asosiy vazifa - 2015 yilgi JChga yo`llanmasi qo`lga kiritilgan bo`lsa ham, hali amalga oshirilishi lozim bo`lgan masalalar borligini va kamchiliklar ustida ishlash kerakligini aytib o`tdi. «Jahon chempionati yo`llanmasi qo`lga kiritilgach, futbolchilarda biroz erkinlik va hotirjamlik hissi paydo bo`ldi. Buning oqibatida yarim finalda imkoniyatni boy berildi. Bu kabi kamchiliklar inobatga olinadi va kelajakda bu kabi hotirjamlikka berilmaslik uchun ishlaymiz», - deydi Haydarov.
O`FF Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov yig`ilish yakunida bir qator masalalar bo`yicha hali ko`p ishlash kerakligini aytib o`tdi. Tolibjonovga ko`ra, ayniqsa, futbolchilarning jismoniy holati bo`yicha muammolar etarli va ular ustida jiddiy ishlash kerak. «Futbolchilarning jismoniy holati maromida emas. Bu masala ustida ishlash kerak. Oliy Liga o`yinlari tugab bormoqda. Yanvar va mart oylarida bo`lib o`tadigan rasmiy musobaqalar oldidan futbolchilarning ham jismoniy, ham funksional holatini yaxshilash borasida murabbiylar jiddiy reja asosida ishlashi kerak», - deydi Tolibjonov.
Manba: www.the-uff.com





