AsosiyJamiyat

Davlat soliq xizmati organlarining ikki nafar rahbari layoqatsizligi uchun lavozimidan ozod etildi

O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasida joriy yilning 20 oktyabr kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari rahbarlari ishtirokida Hay`atning kengaytirilgan yig`ilishi o`tkazildi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo`mitasining rasmiy sayti.

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 25 dekabrdagi «O`zbekiston Respublikasining 2014 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to`g`risida»gi PQ-2099-sonli qarori bilan byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg`armalarga 9 oylik belgilangan prognoz ko`rsatkichlarining bajarilishi borasida amalga oshirilgan tadbirlar natijadorligi Namangan, Samarqand, Navoiy va Xorazm viloyatlari misolida tanqidiy muhokama qilinib, 2014 yilni, jumladan IV chorakni muvaffaqiyatli yakunlash borasidagi dolzarb vazifalar belgilab olindi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 27 iyundagi «Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2014−2015 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-2194-sonli qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Davlat soliq qo`mitasi hamda uning tarkibidagi ta`lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, tegishli topshiriqlar berildi.

Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi «Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi 253-sonli qarori bilan davlat soliq xizmati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning amalga oshirilishi borasidagi ishlar Surxondaryo, Namangan va Farg`ona viloyatlari misolida tanqidiy ko`rib chiqilib, amalga oshirilishi lozim bo`lgan chora-tadbirlar belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 13 martdagi «Tashqi savdo operasiyalarini amalga oshirishda xorijiy valyutadagi mablag`lardan foydalanish ustidan nazoratni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 95-sonli qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlariga Namangan va Xorazm viloyatlari misolida baho berilib, bu boradagi vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, yig`ilishda jismoniy shaxslarga 2014 yil uchun hisoblangan mol-mulk va er soliqlarining hududlar kesimida undirilishini ta`minlash borasida amalga oshirilgan ishlarning natijalari tahlil qilinib, hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Muhokama natijalari bo`yicha, faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo`l qo`yganligi uchun markaziy apparat tuzilmalari va hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlaridan 2 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi va 31 nafariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo`llanildi.

Yig`ilish so`ngida davlat soliq xizmati organlari zimmasiga yuklatilgan dolzarb vazifalarni sifatli bajarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar