“IFTM Top Resa” yoki “International French Travel Market” tadbirlari Evropa bo`ylab tashkil etilayotgan yirik forumlardan bo`lib, sayyohlik sohasining barcha tarmoqlarini qamrab oladi.
Bu yil Parij shahridagi “Paris Porte de Versailles” ko`rgazmalar majmuida 160 ta turistik kompaniyalar va 1200 brendlar tomonidan 348 ta stend namoyish etildi. Mazkur ko`rgazma pavilonlari Evropa, Amerika, O`rta Er dengizi, Yaqin Sharq, Afrika, Osiyo mamlakatlarini qamrab olgan.
O`zbekistonning turistik salohiyati Parijda yagona milliy stend ko`rinishida havola etildi. Ushbu stendda barcha turoperatorlarga mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari, so`lim tabiati, tarixiy shaharlari va bu erdagi qadamjolar, mehmonlar uchun yaratilgan servis xizmatlari va boshqa qulayliklar haqida batafsil ma`lumot olish imkoni yaratildi.
Shuningdek, ko`rgazmada taqdim etilgan “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasining keng imkoniyatlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi. Unda ayniqsa, Milliy aviakompaniyaimiz tomonidan joriy etilgan yangi reyslar, aviapark modernizasiyasi bo`yicha amalga oshirilgan islohotlar keng namoyish etildi.
O`zbekistonga jahonning turli davlatlaridan tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun muhim turistik manzillar va xizmatlar taqdim etilmoqda. Ular orasida fransiyalik fuqarolar ham ko`pchilikni tashkil etadi. Bu borada “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi istiqlolimizning dastlabki yillaridanoq Toshkent-Parij-Toshkent yo`nalishida reyslar qatnovini amalga oshirib kelayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. “O`zbekiston havo yo`llari” MAK xizmatlaridan foydalangan sayyohlar ularga yaratilgan imkoniyatlar va qulayliklarni, milliy aviatashuvchilar ko`rsatayotgan servis xizmatlari sifatini yuqori baholashmoqda.
“Turkiston-press”





