So`nggi bir yil ichida Xitoyda ikki mingdan ortiq kishi qatl etildi, deya xabar bermoqda ABC News. «Duy Xua» huquqni himoya qilish jamg`armasi tomonidan e`lon qilingan ma`lumotlarga ko`ra, so`nggi ikki yil ichida Xitoyda qatllar soni 20 foizga qisqargan.
Shunga qaramay, Xitoy jinoyatchi deb topilgan shaxslarni o`lim jazosiga hukm qilish bo`yicha hali ham jahondagi etakchi mamlakat bo`lib turibdi.
Xitoyda o`lim jazosi soni bilan bog`liq bu kabi axborotlar davlat siri hisoblanadi, biroq «Duy Xua» faollari ushbu ma`lumotlarni «sud vakilidan olishgan»ligini ta`kidlashmoqda.
«Sud vakili»ning qayd etishicha, kamaygan qatllar soni o`rni, katta ehtimol bilan, to`ldiriladi. Uning so`zlariga ko`ra, Shinjon-Uyg`ur muxtor okrugidagi keskin holat bunga sabab bo`ladi – Xitoy hukumati bu erda «Al-Qoida» bilan aloqador ekstremistik guruh faoliyat olib borayapti, deb hisoblamoqda.
Xususan, Shinjon-Uyg`ur muxtor okrugidagi aksilterror kampaniyasi doirasida yuzlab kishilar sudlandi, o`tgan hafta esa mahalliy sud 12 kishini o`lim jazosiga hukm qildi.
Hozirgi vaqtda Xitoy sud tizimi mamlakatda hukmron Kommunistik partiya nazorati ostida turibdi.
Huquq himoyachilarining ma`lumotlariga ko`ra, deyarli 100 foiz holatlarda ayblovchi hukmlar chiqariladi, ayblanuvchining iqrornomasini olish uchun qiynoqlardan foydalanish esa mamlakatda keng tarqalgan amaliyot hisoblanadi.
kun.uz





