O`zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo Kubogi - 2015 guruh bosqichidagi raqiblari Saudiya Arabistoni va KXDR terma jamoalari noyabr oyida Xalqaro turnirda ishtirok etishadi.
Saudiy Arabistoni poytaxti Ar Riyod shahrida 13-19 noyabr kunlari terma jamoalar ishtirokida xalqaro turnir o`tkaziladi. Mazkur turnirda mezbon - Saudiya Arabistonidan tashqari Qatar, Bahrayn va Yaman terma jamoalari ishtirok etishadi. Xuan Ramon Lopes bosh murabbiyligidagi Saudiya Arabistoni termasi dastlab, 13 noyabr kuni Qatar terma jamoasiga qarshi o`ynashsa, 16 oktyabr kuni Bahrayn terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi. Turnirning so`nggi o`yinida esa, Saudiya Arabiston Yaman terma jamoasi bilan kuch sinashadi.
OK-2015 guruh bosqichidagi yana bir raqib KXDR terma jamoasi ham 12-18 noyabr kunlari Xitoy Taypeyida o`tkaziladigan xalqaro turnirda ishtirok etadi. Mazkur turnir davomida KXDR terma jamoasi Gonkong (12 noyabr), Guam (15 noyabr), hamda Xitoy Taypeyi (18 noyabr) terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Ma`lumot o`rnida, KXDR milliy terma jamoasi mazkur turnirdagi ishtirokidan oldin 31oktyabr kuni Kuvayt, 6 noyabr kuni esa, Qatar terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik o`yinlarini o`tkazadi.
Alen Perren bosh murabbiyligidagi Xitoy terma jamoasi esa noyabr oyida o`z maydonida ikkita o`rtoqlik uchrashuvini o`tkazishni rejalashtirgan. Unga ko`ra, 14 noyabr kuni Xitoyning Nanchang shahrida Yangi Zelandiya terma jamoasi mehmon bo`lsa, 18 noyabr kuni Gonduras terma jamoasiga qarshi o`yin o`tkaziladi.
Eslatib o`tamiz, Osiyo Kubogi - 2015 guruh bosqichi 1-turida O`zbekiston aynan KXDRga qarshi o`ynaydi. Mazkur o`yin 10 yanvar kuni o`tkaziladi. Mazkur ikki terma jamoadan tashqari «B» guruhida Xitoy va Saudiya Arabistoni terma jamoalari ishtirok etadilar.
Manba: www.the-uff.com





