Andijon tumanining Kuyganyor shaharchasida joylashgan Jasurbek Ahmedov boshchilik qiladigan savdo do`konida mahsulotlar naqd pulga o`z narxida, plastik kartochkadan esa “shapka”si bilan sotilganligi aniqlandi.
Ma`lum bo`lishicha, do`konda xaridorlar gavjum, savdo terminali ham ishlab tursa-da, biroq agar xaridor 20 ming so`mlik mahsulot olsa, sotuvchi terminalga 22 ming so`m deb, chek urib bergan.
Shu tumandagi Xo`jaobod mahallasi Habibiy ko`chasida faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkor Muhammadayub Yunusov ham bank plastik kartochkasiga “ustama” oladigan “ustomon”lardan ekanligi aniqlandi. U 25 kilogramm unni naqd pulga 43 ming, bank plastik kartochkasiga 45 ming so`mdan sotayotganligi ma`lum bo`ldi. Shomat mahallasida yashovchi tadbirkor To`ychiboy Erkinboevga qarashli savdo do`konida ham mana shunday holat aniqlandi.
Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan o`tkazilgan nazorat tadbirlari davomida bu kabi “qoida”larga chek qo`yildi.
Shuningdek, Xonobod shahridagi Zamira Hojimatova, Hasanboy Nazirov kabi tadbirkorlar o`zlariga qarashli spirtli ichimliklar savdosiga ixtisoslashgan do`konida to`lov terminallarini ishlatmay, faqat naqd pulga savdo qilganligi va kassa cheklarini ham bermaganligi tekshiruvlar natijasida kuzatilgan.
Yuqoridagi huquqbuzarlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo`llanildi, deb yozadi soliq.uz.





