Pokistonning The Dispatch News Desk (DND) nashri Samarqand viloyati Ishtixon tumanidan topilgan XVI asrga oid hind tangalari xazinasi bo`yicha o`z versiyasini taqdim etdi, deb xabar bermoqda 12news.uz.
Topilgan 206 tanganing barchasi 1573− 1600 yillar orasiga, ya`ni Boburning nevarasi, Humoyunning o`g`li Shoh Akbarning 49 yil davom etgan hukmronlik davriga tegishli ekanligi aniqlangan.
O`zbek olimlari Lahor va Dehlida ichki bozor uchun zarb etilgan mis tangalarning O`zbekiston hududida qanday kelib qolgani haqida aniq fikr bildirish mushkulligini ta`kidlab, ularni Hindistonga borgan sayyohlardan biri olib kelgani va almashtirishga ulgurmay qolganini taxmin qilgan.
Pokiston nashri esa hozirda Pokiston hududida joylashgan, tarixda Akbar davlatining potaxti bo`lgan Lahorda zarb etilgan tangalar eski Lahorning qurilishida muhim rol o`ynagan Samarqand va Buxorodan kelgan muhandislar, me`morlar va boshqa qurilish mutaxassislari orqali hozirgi O`zbekiston hududiga borib qolgan, degan fikrni ilgari surmoqda.





