AsosiyJamiyat

Fuqarolik-prosessual kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Unda Oliy sud sudyalari, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar raislari hamda fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo sudlar sudyalari ishtirok etdi.
Majlisda mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy qonunchilik asoslari inson va fuqarolar manfaatlariga mos tarzda takomillashib borayotgani va bunda qonun ijodkorligi masalasi muhim ahamiyat kasb etayotgani ta`kidlandi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 83-moddasiga muvofiq qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda sud-huquq tizimini, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirishga oid ko`plab qonun loyihalari tayyorlangan. Ular tegishli tartibda qabul qilinib, amaliyotda samarali qo`llanilmoqda.
Plenum majlisida “O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik-prosessual kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi va uni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish masalasi muhokama etildi.
Qonun loyihasida Fuqarolik-prosessual kodeksining 93, 94, 131, 331, 368-moddalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Jumladan, Fuqarolik-prosessual kodeksining 93-moddasini sud topshiriqlari yuborilganda sudning ish yuritishni to`xtatib turish huquqini nazarda tutuvchi 6-band bilan, 94-moddasini sud topshirig`ini ijro etish bo`yicha harakatlar tugagunga qadar ish yuritishni nazarda tutuvchi 9-band bilan, 131-moddasiga o`ta murakkab fuqarolik ishlarini sudda ko`rishning muddatini ikki oyga qadar uzaytirishni belgilovchi norma bilan to`ldirish haqida taklif kiritilgan.
Muhokama etilgan qonun loyihasida Fuqarolik-prosessual kodeksining 331-moddasiga appelyasiya instansiyasida ish ko`rish muddatini bir oy qilib belgilash yuzasidan o`zgartish kiritish, 368-moddasiga esa, hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorni yangi ochilgan holatlar bo`yicha qayta ko`rish haqidagi arizani qanoatlantirish to`g`risida sudning chiqargan ajrimi ustidan xususiy shikoyat berilishi yoki xususiy protest keltirilishi mumkinligini belgilovchi o`zgartish va qo`shimchalarni kiritish taklif etilgan.
Amaldagi Fuqarolik-prosessual kodeksiga mazkur o`zgartish va qo`shimchalarning kiritilishi sud ishlarini yuritishdagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etib, fuqarolar huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
Yig`ilishda ko`rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. 

uza.uz

    Boshqa yangiliklar