Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O`zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, xususan, BMT Taraqqiyot dasturi bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganini ta`kidladi.
O`zbekiston jahon hamjamiyatining teng huquqli a`zosi sifatida xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etib, dolzarb masalalar, jumladan, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, uning izchil rivojlanishini ta`minlash, atrof-muhit muhofazasi bo`yicha amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Suhbat chog`ida so`nggi 20 yilda mamlakatimizda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 184 million AQSh dollaridan ziyod 211 loyiha amalga oshirilgani qayd etildi. Joriy yilda O`zbekistonda aholi turmush farovonligini oshirish va Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan keng ko`lamli demokratik, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo`llab-quvvatlashga doir o`ttizdan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.
BMT Bosh kotibining o`rinbosari O`zbekistonning iqtisodiy yutuqlariga, ya`ni mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o`sish darajasi keyingi 10 yil davomida yiliga 8 foizdan ziyodni tashkil etayotganiga yuksak baho berdi.
Helen Klark Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning Bosh kotibi Pan Gi Mun nomidan shu yil oktyabr oyining oxirida Urganch shahrida bo`lib o`tadigan «Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo`yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzusidagi xalqaro konferensiyani qo`llab-quvvatlashini bildirdi. Ushbu xalqaro anjuman Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasiga raislik qilayotgan O`zbekiston tomonidan taklif etilgan va BMT Bosh assambleyasining 68-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida tarqatilgan «Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo`yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi»ni amalga oshirish doirasida o`tkazilmoqda.
Uchrashuvda O`zbekiston va BMT hamkorligini yanada rivojlantirishga doir boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.





