Toshkentda MDH mamlakatlari metropolitenlari, ushbu transport turi uchun vagon, turli ehtiyot qism va uskunalar ishlab chiqaradigan yirik sanoat korxonalarini birlashtirgan «Metro» xalqaro assosiasiyasi kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar beradi.
Ushbu kengashda MDH mamlakatlari metropolitenlari o`rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirish masalasi muhokama etildi.
Toshkent shahar hokimining o`rinbosari, «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi A.Sodiqov metroning zamonaviy megapolislarda eng qulay, ishonchli yo`lovchi tashish vositasi sifatida muhim o`rin tutishini ta`kidladi. Mustaqillik yillarida xavfsiz, qulay va yuksak xizmat ko`rsatish madaniyati namunasiga aylangan Toshkent metropoliteni «Metro» xalqaro assosiasiyasining teng huquqli a`zosi bo`lib, tashkilot faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda.
Tadbirda ayni paytda MDH mamlakatlari metropolitenlari kuniga 16 millionga yaqin yo`lovchi tashiyotgani, bu boradagi yillik ko`rsatkich esa qariyb 5 milliard nafarni tashkil qilayotgani ta`kidlandi.
Tadbirda «Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasi boshlig`i O.Xudoyqulov ta`kidlab o`tganidek, Vazirlar Mahkamasining shu yil 14 martda qabul qilingan farmoyishiga muvofiq, Toshkent yo`lovchi vagonlari qurish va ta`mirlash zavodida metro vagonlarini kapital ta`mirlash, qayta tiklash ishlari amalga oshirilishi tufayli ularning xizmat ko`rsatish muddati 15 yilga etkaziladi. Poytaxt metropoliteni esa tez orada tashqi va ichki dizayni yaxshilangan, qulay va yuqori xavfsizlik tizimiga ega bo`lgan yangi vagonlar bilan ta`minlanadi.





